Iqtisodiyot | 16:23
2339
3 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht, transport vositalarini sug‘urtalash, metan. Narxi keskin oshgan mahsulotlar va xizmatlar

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yillik nisbatda suyakli mol go‘shti 23,8 foiz, suyaksiz mol go‘shti 25 foiz, qo‘y go‘shti 27,2 foizga qimmatlashdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida nikoh uzugi (+32,6 foiz) va metan (+30,2 foiz) narxlarida keskin oshish kuzatilgan. Xizmatlar sektorida esa shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash (+281,8 foiz) hamda ichki aviareyslar (+55,9 narxlarida katta o‘sish qayd etilgan.

Markaziy bank 2026 yilning yanvar oyi holatiga inflatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.

Umumiy yillik inflatsiya 2022 yilda 12,3 foiz bo‘lgan, 2023 yilda 8,8 foiz, 2024 yilda biroz oshib, 9,8 foiz, 2025 yilda esa 7,3 foizga tushgandi. 2026 yilning yanvar oyi holatiga bu ko‘rsatkich 7,2 foizgacha pasaydi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Infografikaga ko‘ra, ba’zi oziq-ovqatlar narxi sezilarli darajada pasaygan, boshqalari esa keskin oshgan:

Yillik hisobda qovoq (-57,9 foiz), baqlajon (-30,5 foiz), tarvuz (-27,9 foiz), shaftoli (-24,5 foiz) va sarimsoq (-21,1 foiz) narxlari sezilarli darajada pasaydi.

Hisobot davrida quyidagi mahsulotlar narxlari keskin qimmatlagan:

  • Limon (+90,8 foiz);
  • Karam (+27,9 foiz);
  • Qo‘y go‘shti (+27,2 foiz);
  • Suyaksiz mol go‘shti (+25 foiz);
  • Suyakli mol go‘shti (+23,8 foiz).

Iste’mol narxlari indeksi savatidagi umumiy 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 147 tasining (88 foiz) yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.

Avvalroq prezident boshchiligidagi yig‘ilishda yanvar oyida inflatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa 13 foizi go‘sht hisobidan bo‘lganiga urg‘u berilib, go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilish kerakligi ta’kidlab o‘tilgandi.

Nooziq-ovqat tovarlar

Nooziq-ovqat mahsulotlaridan yirik oshxona priborlari (-2,9 foiz), kichik maishiy priborlar (-1 foiz), A4 qog‘oz (-0,9 foiz) arzonlagan.

Oltin narxlari global bozorda rekord darajada qimmatlashi zargarlik buyumlarida ham aks etgan – nikoh uzugi 32,6 foizga qimmatlagan.

Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida metan (+30,2 foiz), gazeta (+17,5 foiz), propan (+12,3 foiz), sement (12,2 foiz) narxlarida keskin oshish kuzatilgan.

Iste’mol narxlari indeksidagi 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlarining 232 tasi (92 foiz) bo‘yicha yillik narx o‘sishi 10 foizdan kam bo‘lgan.

Xizmatlar

Yillik hisobda pul o‘tkazmalari uchun haq to‘lash narxlari 7,5 foizga, nodavlat OTMda o‘qish 0,5 foizga arzonlagan.

Narxi eng ko‘p qimmatlagan xizmat shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash bo‘ldi – hisobot davrida bu xizmat narxi 281,8 foizga oshgan. Shuningdek, trolleybusda yo‘l haqi (+100 foiz), ichki yo‘lovchi havo transporti (+55,9 foiz), haydovchilik kurslari (+48,5 foiz), tarmoq gaz (+39,2 foiz) narxlarida ham keskin qimmatlashish kuzatilgan.

Iste’mol narxlari indeksidagi 98 turdagi xizmatlarning 66 tasi (67 foiz) bo‘yicha yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров

Mavzuga oid