O‘zbekiston | 14:59 / 14.05.2024
9790
2 daqiqa o‘qiladi

15 maydan Toshkentdagi barcha transport karta sotish shoxobchalari yopiladi

Shoxobchalar vazifalarini markaziy pochta bo‘limlari bajaradi. Unda yo‘lovchilar ATTO transport kartasini sotib olish, hisobini to‘ldirish yoki tarif sotib olish xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

Foto: Kun.uz

15 may kunidan boshlab Toshkent shahridagi barcha transport karta sotish shoxobchalari faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ATTO transport kartalarini xarid qilish, hisobini to‘ldirish va tarif sotib olish xizmatlari Uzpost aloqa bo‘limlarida (markaziy pochta bo‘limlarida) amalga oshiriladi.

Shuningdek, respublikaning Samarqand, Buxoro, Andijon, Xorazm, Namangan, Jizzax, Farg‘ona viloyatlari va Qarshi, Termiz, Nukus shaharlaridagi pochta bo‘limlarida ham shu xizmatlardan foydalanish mumkin.

“Toshshahartransxizmat” jamoat transportlarida elektron to‘lovlardan qulayroq foydalanish uchun ATTO mobil ilovasi virtual karta ochish imkoni borligini, u transport kartaning barcha funksiyalarini bajarishini eslatgan.

Ma’lumot uchun, aprel oyida jamoat transporti orqali jami 32,3 mlndan ziyod tranzaksiya amalga oshirilgan bo‘lib, shuning 13,8 mlni transport (5,7 millioni tarif kartalari orqali), 11,4 mlni esa bank kartalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yo‘lovchilarning virtual kartalar yordamida amalga oshirgan tranzaksiyalari soni jami 142 mingtani tashkil etadi.

Mavzuga oid