O‘zbekiston | 15:06 / 24.02.2023
12130
6 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi murakkab operatsiyalarni o‘tkazmoqda

Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 465 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 17 ta davolash bo‘limi, maslahat poliklinika bo‘limi va chaqiriluvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘limi faoliyat ko‘rsatadi.

Mazkur muassasa viloyatdagi 1 mln 200 mingdan ortiq 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy davolash va profilaktik yordam ko‘rsatadi. Markazda 148 nafar malakali shifokorlar va 600 nafarga yaqin hamshira faoliyat olib boradi.

Markazga kelgan bemorlar birinchi navbatda maslahat poliknikasiga murojaat qiladi. U yerda standart tekshiruvlar uchun barcha laborator va instrumental tekshiruvlar yo‘lga qo‘yilgan. Tibbiy ko‘rik natijasida murojaat qilgan bemorlar saralanadi. Statsionar davoga muhtojlar markaz bo‘limlariga yotqiziladi, yashash joyida davolanishi mumkin bo‘lganlar tuman markaziy shifoxonalariga yuboriladi. Ambulator davolanishga muhtojlarga maslahat berilib, yashash joyidagi oilaviy poliklinikalarga yo‘naltiriladi.

Maslahat poliklinikasida ultratovush tashxisi, rentgenografiya, elektroensefalografiya, elektrokardiografiya, audiometriya, oftalmoskopiya, neyrosonografiya, exokardiografiya va klinik laborator tekshiruvlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bolalarga birlamchi diagnostika uchun xizmat qilmoqda.

Markazda davolanayotgan bemorlarga davolash standartlari asosida dori-darmon yetkazib berilishi 90 foizga yetdi. Reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlari zarur jihozlar bilan 100 foiz ta’minlandi. Dori-darmonlar birja orqali xarid qilinib, bo‘limlarga tarqatilishi to‘liq onlayn tizimga o‘tkazildi.

Bemorlarning yaqin qarindoshlari uchun qulaylik yaratish maqsadida 2023 yilning 1-choragida 150 o‘rinli kutish zali foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, maslahat poliklinika bo‘limi “Elektron poliklinika” tizimiga o‘tkaziladi. Natijada ortiqcha navbatlar, qog‘ozbozliklar kamayib, bemorlarga qulay sharoit yaratiladi.

- Ixtisoslashgan tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish, yuqori texnologik murakkab operatsiyalar va zamonaviy davolash usullarini viloyat miqyosida amalga oshirish uchun mutaxassislarimiz xorijning yetakchi klinikalarida malaka oshirib kelmoqda, – deydi markaz bosh shifokori To‘lqin Rasulov.  – Jumladan, Bahrom Shukurov va G‘iyos Farmonov Turkiyada, Zebiniso Xolmurodova Germaniyada va Eminjon Bo‘ronov Rossiya Federatsiyasida malaka oshirib keldi. Natijada, aniqlanishi qiyin bo‘lgan onkogematologik kasalliklarga uzog‘i bilan 24 soat ichida tashxis qo‘yilmoqda. Avvallari viloyatda amalga oshirilmagan plastik jarrohlik va boshqa yuqori texnologik operatsiyalar markazning o‘zida bajarilmoqda. Markazda gemablastoz, girshprung, gipospadiya, pilorostenoz kabi kasalliklar davolanib, uretroplastika, nefroektomiya, pilouretroplastika, tsistouretroplastika, anorektal nuqsonlar, xeyloplastika, palatoplastika, velloplastika, kuyishdan keyingi chandiqlar, malakali tibbiy yordamga muhtoj bemorlar respublika markazlariga vaqt va mablag‘ sarflab yurmasdan, viloyatning o‘zida davolanmoqda.  

Sog‘liqni saqlash vazirining shaxsan topshirig‘iga asosan 2023 yil davomida Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasida, shuningdek, Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika perinatal markazida shifokorlar o‘z malaka va tajribalarini oshirib boradilar.

Mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 2023 yilda 800 mln so‘m mablag‘ evaziga Laparoskopik-endourologiya uchun tibbiy apparaturalar xarid qilinadi. Bundan tashqari, yuqori texnologik operatsiyalarni bajarish uchun xirurgik laparoskopik tibbiy jihozlar olinishi rejalashtirilgan.

2023 yildan boshlab, haftaning har shanba kuni maxsus mikroavtobusda malakali mutaxassislar guruhi viloyatning chekka tumanlarida tibbiy ko‘rik o‘tkazib kelmoqda.

Shuningdek, viloyatdagi 14 tuman va 2 ta shahar tibbiyot muassasalariga biriktirilgan mutaxassislar tomonidan mahalliy vrachlar uchun mahorat darslari, yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazib kelinmoqda. Surunkali kasalligi bor bemor bolalar tibbiy ko‘rik va dispanserizatsiyadan o‘tkaziladi.

Markaz shifokorlari o‘rtasida bemorlarni zamonaviy metodlar bilan davolashda taqdimot o‘tkazish uchun interaktiv panel xarid qilindi. Barcha bo‘limlar videokameralar va optik tolali internet bilan ta’minlandi.

Elektr ta’minoti uzluksizligini ta’minlash maqsadida 50 va 30 vattli 2 ta elektrogenerator xarid qilindi. Reanimatsiya bo‘limida issiq va sovuq suv ta’minoti uzluksizligi ta’minlandi. Bundan tashqari, yozning issiq kunlarida mo‘’tadil havoni ta’minlash uchun yuqori quvvatli konditsionerlar bilan ta’minlandi. Reanimatsiya bo‘limida nosoz holatda turgan 2 ta sun’iy nafas berish apparati va kardiomonitor ta’mirdan chiqarilib, bemorlarni davolashda foydalanilmoqda.

Markazda servis xizmati uchun 48-o‘rinli VIP palatalar tashkil etildi.

Muassasa hududida avtomobillar harakatlanishi va favqulodda holatlarda tezkorlikni oshirish uchun ijara shartnomasi asosida 2 ta avtoturargoh qurilishi rejalashtirilmoqda.

"2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon  qilindi. Xalqimizga sifatli va malakali tibbiy  yordam ko‘rsatish, ularning mushkulini oson qilish biz, shifokorlarning bosh vazifamizdir. Bu maqsad yo‘lida izlanishdan, yangilik qilishdan charchamaymiz. Ayniqsa, bolalar salomatligini muhofaza qilish, bunda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni takomillashtirib, sifat darajasini yanada oshirish maqsadimiz bo‘lib qoladi" deydi markaz bosh shifokori To‘lqin Rasulov.

Reklama

Mavzuga oid