O‘zbekiston | 17:22 / 09.06.2021
35635
2 daqiqa o‘qiladi

3–7 iyun kunlari Toshkentda uch asrning maksimum harorati kuzatilgani ma'lum bo‘ldi

Toshkentda 3-7 iyun kunlari kuzatilgan issiq ob-havo yangi rekordlarni o‘rnatdi.

Foto: Getty Images

«O‘zgidromet» 3–7 iyun kunlari O‘zbekistonga Eron hududlaridan issiq havo massalari kirib kelishi, havo haroratining keskin ko‘tarilib ketishi va o‘rtacha sutkalik havo haroratining shu kunlar uchun xos bo‘lgani iqlimiy me'yor qiymatlaridan 7-10 daraja yuqorilashi to‘g‘risida ma'lum qilgandi.

Qayd etilishicha, shu kunlari kuzatilgan harorat uch asr avvalgi rekorddan yuqori bo‘ldi.

«Toshkent shahrida 2021 yil 3-7 iyun kunlari shu kun uchun rekord issiq havo haroratlari qayd etildi. Toshkent shahrida 3-7 iyun kunlari kuzatilgan maksimal havo harorati deyarli o‘tgan asr boshlari va 19 asr oxirlarida ushbu kunlarda qayd etilgan maksimumlarni yangiladi. Toshkent shahrida kuzatuvlar tarixida qayd etilgan eng yuqori havo harorati +44,6 darajaga yetgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 1997 yil 18 iyulda kuzatilgan», deyiladi «O‘zgidromet» xabarida.

2021 yil 6 iyun kuni harorat 42,6 daraja issiq bo‘ldi. Bunga qadar shu kundagi yuqori harorat 1811 yilda qayd etilgan va 38,5 daraja issiq bo‘lgan. 7 iyun kuni esa harorat 40,8 darajagacha ko‘tarildi. Unga qadar shu kundagi maksimal ko‘rsatkich 1894 yilda kuzatilgan va 39,7 daraja issiq bo‘lgan. O‘zbekistonda 31 maydagi harorat ham mutlaq maksimumga yetgandi.

Mavzuga oid