Jahon | 19:13 / 02.01.2024
16614
3 daqiqa o‘qiladi

Deportatsiya yoki jarima - Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq qonun o‘zgartirilmoqda

Migrantlar tomonidan Rossiya qonunchiligining buzilishi ayrim hollarda ularning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga (deportatsiyaga) olib keladi. Ammo endi bu jazo jarima bilan almashtirilishi mumkin. 

Foto: rbc.ru

Migrantlar tomonidan Rossiya qonunchiligining buzilishi ayrim hollarda ularning mamlakatdan chiqarib yuborilishiga (deportatsiyaga) olib keladi. Chet el fuqarosi noqonuniy ravishda ishga kirsa, mamlakatda qonuniy bo‘lishini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmasa, yashash muddatini buzsa, deportatsiya qilinishi, unga Rossiyaga kirish 5 yoki hatto 10 yilga taqiqlanishi ham mumkin. 

Biroq 2023 yil dekabr oyida Rossiya Davlat Dumasi qonunchilikka ayrim hollarda migrantlarni deportatsiya qilishni yengilroq jazo – jarima bilan almashtirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ma’qulladi. Qaysi hollarda bu mumkin va oxir-oqibat qanday miqdorda jarima to‘lanadi, bu haqda Asia-Plus tushuntirish berdi. 

Yangi qoidalar allaqachon kuchga kirdimi? 

Yo‘q, hali kuchga kirmadi. Hozir o‘zgarishlar «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga kiritilgan va ko‘rib chiqilmoqda. Qonun qachon kuchga kirishi noma’lum, chunki u anchadan beri, 2017 yildan beri muhokama qilinmoqda. Biroq, yaqinda «unutilgan» qonun loyihasi faol ravishda qayta ko‘rib chiqildi va allaqachon ikkinchi o‘qishga yuborildi. Ya’ni, qonun loyihasi qabul qilinishi ancha yaqinlashdi. 

Qanday hollarda deportatsiya qarori jarima bilan almashtirilishi mumkin? 

Agar sudya deportatsiya hukmini juda qattiq va nomutanosib deb hisoblasa, uni jarima bilan almashtirishi mumkin. Qonunchilikadgi bunday noaniq jumlalar sudyaning g‘azabini rahm-shafqatga o‘zgartirishini kafolatlamaydi. Biroq, endi migrantlar sudyani o‘zining yaxshi niyati va qonunbuzarlikning «bir martalik tabiati»ga ishontirish imkoniyatiga ega. 

Masalan, bunga soliqlarni vijdonan to‘lash, qonunga bo‘ysunish, uy-joyning mavjudligi va boshqalarni tasdiqlovchi dalillarni taqdim etish orqali erishish mumkin. Shuning uchun, agar sud tekshiruvi tayinlangan bo‘lsa, unga oldindan tayyorgarlik ko‘rish va mamlakat bilan «do‘stona» aloqani va qonunga rioya qilinayotganini tasdiqlaydigan barcha hujjatlarni to‘plash tavsiya qilinadi. 

Aynan nima uchun deportatsiya qilinayotgani muhimmi? 

Ha. O‘zgartirishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir qator moddalarini nazarda tutadi, ularni buzganlik uchun deportatsiyani jarima bilan almashtirish mumkin emas. Bu noan’anaviy jinsiy munosabatlarni tashviqot qilish, jinsni o‘zgartirish, pedofiliya tashviqoti, deportatsiyadan bo‘yin tovlash kabi huquqbuzarliklarni o‘z ichiga oladi. 

Jarima miqdori qancha? 

Deportatsiya to‘g‘risidagi qaror jarima bilan almashtirilishi mumkin. Bunda jarima miqdori 40 mingdan (≈5,5 mln so‘m) 50 ming rublgacha (≈6,8 mln so‘m) bo‘lishi yoki 150 dan 200 soatgacha bo‘lgan majburiy mehnat bilan almashtirilishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid