O‘zbekiston | 14:39 / 28.10.2025
8651
2 daqiqa o‘qiladi

Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev beshta modda bilan ayblanmoqda - Oliy sud

U qamoqdan ozod qilingani haqida internetda tarqalgan xabarlar rad etildi. Ayni paytda Xolbo‘tayev tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Hokim iyul oyida 10 ming dollar pora olayotganda ushlangan edi.

Foto: Sharof Rashidov tumani hokimligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev ozod etilgani haqidagi xabar tarqaldi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov buni rad etdi.

Ma’lum qilinishicha, Mahmud Xolbo‘tayev Jinoyat kodeksining 167- (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206- (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209- (mansab soxtakorligi), 210- (pora olish) va 229-4-moddalarida (yer berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. JIB Jizzax shahar sudining joriy yil 10 iyuldagi ajrimi bilan sobiq hokimga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni paytda u tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Mahmud Xolbo‘tayevga oid jinoyat ishi JIB Arnasoy tuman sudining ish yurituvida. Bugungi kunda ushbu jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun tayinlash bosqichida ekani bildirilgan.

Sobiq hokim 2025 yil iyul oyida 10 ming dollar pora olayotganda ushlangandi. U bilan birga hokimlik vakili ham qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, Mahmud Parsamatovich Xolbo‘tayev muqaddam Mirzacho‘l tumani hokimi va Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (2010-2011 va 2018-2019 yillarda) bo‘lib ishlagan, 2019 yil 26 oktyabridan qo‘lga olingunga qadar Sharof Rashidov tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.  

Mavzuga oid