O‘zbekiston | 09:55 / 19.07.2024
10795
2 daqiqa o‘qiladi

Mashina yoki ko‘chmas mulkda taqiq bor-yo‘qligini tekshirish tizimi ishga tushirildi 

MIB organlari tomonidan hujjatlar ijrosi bo‘yicha va qarzdorlik sababli 378 mingdan ortiq avtotransport vositalariga taqiq qo‘llanib, 259 mingtasiga qidiruv e’lon qilingan. 621 mingta hujjatlar bo‘yicha ko‘chmas mulklarga taqiq o‘rnatilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, sud yoki boshqa organlar qarorlari bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganda, qarzdorliklar bartaraf etilmagan taqdirda, qarzdorlar jismoniy yoxud yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilinishi yoxud avtotransport va ko‘chmas mulklarga taqiqlar qo‘yilishi mumkin.

Fuqarolar, yuridik shaxslar va boshqa sub’yektlar o‘rtasida avtotransport hamda ko‘chmas mol-mulklarni notarial ravishda rasmiylashtirishda yuzaga keladigan muammolarning biri ham aynan taqiqlar bilan bog‘liqdir.

Bugungi kunda Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan hujjatlar ijrosi bo‘yicha va qarzdorlik sababli 378 mingdan ortiq avtotransport vositalariga taqiq qo‘llanib, 259 mingtasiga qidiruv e’lon qilingan. 

Shuningdek, 621 mingta hujjatlar bo‘yicha ko‘chmas mulklarga taqiq o‘rnatilgan.

Fuqarolar avtotransport vositasi yoki ko‘chmas mulklarga oid qidiruv yoki taqiq bo‘yicha ma’lumotlarni byuroning mib.uz rasmiy saytidagi “Interaktiv xizmatlar” sahifasida “Avtotransportni tekshirish” hamda “Ko‘chmas mulkni tekshirish” ruknlari orqali bilish mumkin. 

Buning uchun “Avtotransportni tekshirish” rukniga kirib, avtotransport vositasiga tegishli davlat raqami belgilarini kiritish yoki bo‘lmasa “Ko‘chmas mulkni tekshirish” rukniga kirib kadastr raqamlarni kiritish orqali taqiq yoxud qidiruv mavjud yoki yo‘qligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.

Agarda, avtotransport vositasi yoxud ko‘chmas mulkda taqiqlar aniqlansa, ushbu saytning “Qarzdorlikni tekshirish” rukni orqali bu haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.

Shuningdek, qarzdorlik elektron to‘lov tizimi orqali bartaraf etilganida, mavjud qidiruv va taqiqlar shu zahoti bekor qilinadi.

Mavzuga oid