Qirg‘izistondagi “Toqtogul” suv omborida suv sathi “o‘lik chegara”gacha tushishi mumkin. Bu O‘zbekistonga ham ta'sir qiladi
Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida joylashgan “Toqtogul” suv omborida suv sathi kamayib bormoqda. Bu – mintaqaning energetika tizimi va qishloq xo‘jaligiga salbiy ta'sir qiladi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, “Toqtogul” suv omborining suv sathi “o‘lik chegara” darajasigacha tushishi ehtimoli bor, deb ma'lum qildi Qirg‘iziston energetika va sanoat vaziri o‘rinbosari Taalaybek Ibrayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat mintaqada kelgusi yil vegetatsiya davriga muvaffaqiyatli o‘tishga imkon bermaydi hamda “Toqtogul” suv omboriga tutash daryolar oqib o‘tadigan Qirg‘iziston hududi va qo‘shni mamlakatlarga salbiy ta'sir qiladi.
Taalaybek Ibrayev bu haqda Bishkekda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi Elektr energetika muvofiqlashtiruvchi kengashining yig‘ilishida ma'lum qildi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJdan xabar qilishlaricha, “Toqtogul” suv omborida suv sathining keskin kamayishi energiya taqchilligi bilan birga, O‘zbekiston sug‘orish tizimlarida ham tanqislikni yuzaga keltiradi.
Yig‘ilishda energoresurslar tanqisligi va ularning tannarxi keskin oshib borayotgani muhokama qilingan.
9 ta masala ko‘rib chiqilgan ilmiy-amaliy kengash yig‘ilishda Qirg‘izistonning “Qirg‘iziston MET” OAJ, O‘zbekistonning “O‘zbekiston MET” AJ, Qozog‘istonning “KEGOC” AJ, Tojikistonning “Barki Tochik” OAJ xolding kompaniyasi rahbarlari va soha mutaxassislari qatnashgan.
Kengash ishida, shuningdek, Qirg‘iziston Energetika va sanoat vazirligi, Qirg‘iziston Milliy energetika xoldingi, “Elektr stansiyalari” AJ hamda Rossiya Federatsiyasining “Yagona energiya tizimining tizim operatori” AJdan vakillar ham ishtirok etgan.
Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiya tizimi o‘zaro muvofiqlikda faoliyat yuritadi, shu bois bir mamlakatda sodir bo‘lgan yirik avariyalar bir lahzada boshqa davlatlar elektr ta'minotida seziladi. Shu bilan birga, o‘zaro bog‘liq ish faoliyatiga ega mintaqaning elektr energetika tarmog‘i bir-birini qo‘llab-quvvatlash, yirik avariya holatlarning oldini olishga ko‘maklashish imkoniga ham ega.
Toshkentda mintaqadagi elektr ta'minoti barqarorligini ta'minlash bilan shug‘ullanuvchi “Energiya” nomli muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi joylashgan.
Toqtogul suv ombori haqida:
- Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida joylashgan, umumiy maydoni 284 km²;
- Norin daryosiga Toqtogul GES plotinasi qurish orqali hosil qilingan, sig‘imi 19,5 km³;
- Qurilishi 1973 yilda yakunlangan, shimoliy qirg‘og‘ida Toqtogul shahri joylashgan;
- 2010 yilning 22 iyulida suv hajmi 18,2 mlrd kubometrni tashkil qilgan. 19,5 mlrd kubometr sig‘im bo‘lgani holda normal hajm 17,3 mlrd kubometr hisoblanadi. Bundan “foydali”, ya'ni ish beruvchi hajm 14 mlrd kubometr, “o‘lik chegara” esa – 5,5 mlrd kubometrni tashkil qiladi. Ya'ni bunda amalda GES ishi to‘xtaydi. Misol uchun, 2021 yilning 30 martida suv sathi 8,742 mlrd kubga qadar pasaygan va pasayishda davom etmoqda.
Mavzuga oid
14:59
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
13:51
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
12:32
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
15:45 / 21.11.2024