O‘zbekiston | 21:26 / 11.10.2023
14753
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Koreya va Chexiyadan 36 ta poyezd sotib oladi

Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta tezyurar elektropoyezd, Chexiyaning Skoda kompaniyasidan 30 ta elektropoyezd xarid qilish vazifasi belgilandi. Buning uchun Koreya hukumatidan 185 mln yevro, chex banklaridan 350 mln yevro miqdorida davlat kafolati ostidagi kreditlar olinadi.

Hyundai Rotem kompaniyasining KTX-Eum tezyurar poyezdi / Illyustrativ foto

O‘zbekiston prezidenti 10 oktyabr kuni imzolagan qarori bilan, 2023-2026 yillarda temiryo‘l transporti sohasini isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Janubiy Koreyadan 6 ta tezyurar elektropoyezd, Chexiyadan 30 ta elektropoyezd xarid qilinadi.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta elektropoyezd Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinadi. Qarorda shartnoma 2023 yil oktyabr oyida tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Noyabr oyida bu poyezdlarni sotib olishni moliyalashtirish bo‘yicha Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasining (EDCF) 35 yil muddatga, shu jumladan 10 yillik imtiyozli muddat bilan yillik 0,1 foiz stavkada belgilangan 185,0 mln yevro miqdoridagi kreditini jalb qilish nazarda tutilmoqda.

Skoda tomonidan ishlab chiqarilgan RegioPanter elektropoyezdi / Illyustrativ foto: Radim Holiš

Shuningdek, 2023 yil noyabr oyida Chexiyaning Skoda Transportation kompaniyasi bilan 30 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish vazifa qilib qo‘yildi. Bu xaridni moliyalashtirish uchun 2023 yil dekabrda Chexiya banklaridan 350,0 mln yevro kreditni 15 foiz stavkada, shu jumladan 3 yil imtiyozli muddat bilan yillik 5,5 foiz stavkada jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Koreya va Chexiyadan elektropoyezdlar xaridi uchun olinadigan kreditlarga davlat kafolati beriladi.

Mavzuga oid