Jahon | 18:20 / 10.07.2025
6928
5 daqiqa o‘qiladi

Rubio Lavrov bilan uchrashdi va Moskvaning urushni tugatish bo‘yicha «yangicha yondashuvi» haqida aytdi

Vashington Moskvada Ukraina bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda «moslashuvchanlik yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘lgan».

Foto: Mandel Ngan / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 10 iyul kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi sammiti doirasida o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi. Lavrov va Rubio sammitga mehmon sifatida tashrif buyurgandi, ularning tashrifidan asosiy maqsad blokka a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar o‘tkazish ekani aytilgandi.

Uchrashuv taxminan 50 daqiqa davom etdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya TIV qisqa rasmiy press-reliz chiqardi, unda uchrashuv davomida «ikkitomonlama kun tartibidagi masalalarning butun spektri va dunyodagi vaziyat bo‘yicha «soatlarni sinxronlashtirish» amalga oshirilgani aytilgan. Tomonlar «Ukraina atrofidagi kelishuv, Eron va Suriya atrofidagi vaziyat, shuningdek, bir qator boshqa xalqaro masalalar»ni muhokama qilgan. Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Lavrov va Rubio «mojaroli vaziyatlarning tinch yechimini topish va ikki tomonlama hamkorlikni tiklash bo‘yicha o‘zaro kelishuv»ni tasdiqlagan. Lavrov va Rubio Rossiya va AQSh o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash mavzusiga ham to‘xtalgan.

Rubio, o‘z navbatida, o‘n daqiqalik matbuot anjumani o‘tkazib, unda AQSh Rossiyaning Ukraina bilan urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarda oldinga siljish yo‘qligidan juda norozi ekani va Donald Tramp ilgari ochiqchasiga bildirgan bu pozitsiyasini Lavrovga yetkazganini ma’lum qildi. AQSh davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, aynan Rossiya-Ukraina urushi suhbatning asosiy mavzusi bo‘lgan.

Rubio muloqot «ochiq ruhda» o‘tganini aytdi, shu bilan birga Oq uy Rossiya tomonidan «moslashuvchanlik» yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidladi. Davlat kotibi AQShning asosiy vazifasi mojaroni barcha tomonlar ishtirokida tugatish yo‘lini topish ekanini eslatdi.

Shuningdek, Rubio Rossiya Ukrainaga nisbatan «yangi va boshqacha yondashuv» taklif qilganini aytdi.

«Biz bu qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi haqidagi ba’zi g‘oyalarni muhokama qildik. Men buni tinchlikni kafolatlaydigan narsa sifatida tavsiflamayman, ammo bu g‘oyalarni prezidentga yetkazaman va umid qilamanki, buning asosida nimadir qurishimiz mumkin», – dedi AQSh davlat kotibi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Rossiya rahbariyati bilan kelishmovchiliklarni yashirmaydi, ammo Vashington va Moskva «bir-birini e’tiborsiz ham qoldira olmaydi».

Rubioning qo‘shimcha qilishicha, Oq uy sanksiyalar kiritish masalasida kongress bilan birgalikda ishlamoqda va Moskva pozitsiyasiga maksimal ta’sir ko‘rsatishi uchun «yetarlicha moslashuvchan» yondashuvlarga tayyor.

Davlat kotibi AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekaniga ishontirdi va Kiyevga qurol yetkazib berishdagi pauzani qisqa muddatli deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u texnik xususiyatga ega bo‘lgan. Patriot tizimlari haqida gapirarkan, u Yevropa mamlakatlarida ular yetarlicha mavjudligini, biroq «hech kim ularni Ukraina bilan bo‘lishishni istamasligi»ni qayd etib o‘tdi.

Lavrov va Rubio o‘rtasidagi uchrashuv 2025 yil fevralidan beri bunday yuqori darajadagi birinchi uchrashuv bo‘ldi. O‘shanda Rossiya va AQSh delegatsiyalari Ar-Riyodda uchrashgan, bu keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri birinchi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib, Lavrov va Rubio delegatsiyalarga rahbarlik qilgan. Ikkala tomon ham o‘sha uchrashuv natijalarini juda ijobiy baholagandi - unda ular urush tufayli muzlatilgan ikki tomonlama munosabatlarni tiklashga kelishib olishgandi.

Trampning Rossiyaga nisbatan ritorikasi so‘nggi haftalarda sezilarli darajada keskinlashdi. AQSh prezidenti ochiqchasiga Vladimir Putindan «norozi» ekanini bir necha bor ta’kidladi. Shuningdek, u Rossiya prezidenti bilan telefon orqali muloqotlari mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishda hech qanday oldinga siljishga olib kelmayotganidan shikoyat qildi.

Mavzuga oid