O‘zbekiston | 18:26 / 29.03.2023
9943
2 daqiqa o‘qiladi

Bu yil aholi uchun energiya tariflari oshirilmaydi - IMV

2023 yilda O‘zbekistonda maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilmaydi. Bu haqda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov bugun, 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Iqtisodiy jihatdan olib qaraganda, tariflarni oshirishga zarurat bormi desak, bor, men bungacha budjet defitsiti haqida so‘z yuritgan edim. Narxlar oshadimi-yo‘qmi, buni hozir aniq ayta olmayman. Katta ehtimol bilan, oshmaydi. Eng kamida fuqarolar uchun aniq oshmaydi.

Lekin bu degani biz bu haqda o‘ylamayapmiz, buni muhokama qilmayapmiz degani emas. Bir nechta variantlar ko‘rib chiqilyapti. Xususan, ijtimoiy norma belgilash. Ya’ni juda ko‘p gaz va elektr energiyasi ishlatadigan, sovuq qishda uyida futbolkada yuradigan boy odamlar bozor narxida to‘lashi kerak. Bu adolatdan bo‘ladi.

Lekin ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoki qaysidir sabab bilan kam daromad topadigan, ikki xonali kvartirada turadigan, “svet” va gazni tejab ishlatadiganlarni rag‘batlantirish kerak. Bunday tariflar aksariyat davlatlarda qo‘llanadi. O‘ylaymanki, biz ham bu masalaga yetib kelamiz”,dedi Sultonov.

Eslatib o‘tamiz, gaz va elektr energiyasi tariflari oxirgi marta 2019 yil avgust oyida ko‘tarilgan.

O‘tgan yili 1 iyuldan aholi uchun bazaviy tariflarni 10 foizga oshirib, tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tish rejalashtirilgan, lekin bu boradagi qaror qabul qilinmay qolgandi.

Mavzuga oid