Iqtisodiyot | 16:30 / 01.06.2019
15880
2 daqiqa o‘qiladi

May oyida narxlar o‘rtacha necha foizga oshgani ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning may oyida tovarlar va xizmatlarning iste'mol narxlari o‘rtacha 0,7%ga ko‘tarildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-may oylari davomida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari 6,0%ga qimmatlashdi. 2018 yilning may oyiga nisbatan respublika iste'mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 13,7%ga oshdi. 

Oylik narxlar tebranishi tahliliga ko‘ra, umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-may oylarida iste'mol narxlari ko‘tarilish 6,0%ni tashkil etib, ularning o‘sish sur'atlarida nisbatan sekinlashuv qayd etilgan. Joriy yilning birinchi choragida narxlarning oylik o‘sish sur'ati bir foizlik ko‘rsatkichdan 0,2-0,6 darajada yuqoriroq oshgan bo‘lsa (yanvarda 1,5 %, fevralda 1,6 %, mart oyida 1,2 %), aprel va may oylarida ushbu ko‘rsatkichdan pastroqni tashkil etgan (aprelda 0,9 %, may oyida 0,7 %). 

2018 yil va 2019 yilning yanvar-may oylari uchun umumiy iste'mol narxlari indeksi dinamikasining yillik ko‘rinishi (o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan) umumiy tendensiyaning bosqichma-bosqich pasayishi bilan tavsiflanadi. Shunday qilib, eng yuqori ko‘rsatkich 2018 yilning yanvar oyida qayd etilgan bo‘lsa, keyinchalik 2019 yilning may oyida 13,7 % darajagacha pasaygan. Iste'mol narxlari indeksi ko‘rsatkichining minimal darajaga yetganligi 2019 yilning yanvarida kuzatilib (13,0 %), yillik iste'mol narxlari indeksi asta-sekin ko‘tarila boshladi. 

2019 yilning may oyi natijalariga ko‘ra yirik guruhlar bo‘yicha narx o‘zgarishlari tovarlarda 0,6 %, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 0,5 %, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,7 %, xizmatlar esa 1,5 %ga qimmatlashdi. 

Mavzuga oid