Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Hali ko‘p dalillarni oshkor qilmadim” – Gulira’no Qosimova ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi
Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan Gulira’no Qosimova ishi doirasida sud jarayonlari boshlandi. Furqat tumani IIBning sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Kun.uz muxbiri sud majlisida ishtirok etib, reportaj tayyorladi.
8 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida Furqat tumani IIBning sobiq amaldorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Jinoyat ishi JIB Quva tumani sudi raisi Avazbek Rahimov raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Ochiq sud majlisida audio va videoga olishga ruxsat berilmadi.
Sud majlisida Quva tumani prokurori katta yordamchisi Ayubxon Umaraliyev tomonidan ayblov xulosasi o‘qib eshittirildi. Jabrlanuvchining ko‘rsatuvlari tinglandi.
Sud jarayonidan so‘ng Gulira’no Qosimova hamda uni himoya qilayotgan advokat Abduqahhor Mahmudov Kun.uz’ga intervyu berdi.
Gulira’no Qosimova suddan adolat kutayotganini, boshiga tushgan musibatlarni hatto dushmaniga ham ravo ko‘rmasligini ta’kidlab o‘tdi. Ayolga ko‘ra, u ushbu holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘iga murojaat qilgan, ammo natija bo‘lmagan.
“Suddan faqat adolat kutyapman. Boshimga tushgan musibatlardan keyin jamiyatimizda ayol kishi shunchalik tahqirlanishi mumkinmi, deb o‘zimga o‘zim ko‘p marotaba savol berdim. Allohga shukr, O‘zbekistonda ayollarga nisbatan adolat borligini his qildim. Holatga Parlamentimiz, Senatimiz e’tibor qaratdi. Buning uchun shu jarayonga befarq bo‘lmagan har bir insonga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Faqatgina adolat uchun kurashmoqchiman. Hech qaysi ayol nohaqlikdan dodlab yig‘lamasin, tunlari Xudoga iltijo qilmasin, yuzi shuvut bo‘lmasin, hech kimning oilasi buzilmasin.

Nima uchun xalqqa murojaat qildim? Nima uchun ommaga yuzimni ko‘rsatib chiqdim? Chunki ishonamanki, davlatimizda adolat qaror topadi, bunga umid qilaman. Va mana shu sud jarayonlari ham odil o‘tishini istayman. Hozir sud jarayoni ketayotgani sababli ko‘plab dalillarni oshkor qilmayapman. Lekin sud yakunidan keyin har bitta dalilni ommaga taqdim etaman.
Boshimga musibatlar tushgach, adolat izlab ko‘p marta Toshkentga qatnadim. Poytaxtga borib respublika bosh prokurori bilan ko‘risholmay keldim. Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga ham murojaat qilganman. Lekin natija bo‘lmagan. Kun.uz tahririyatiga rahmat aytaman. Videomaterial sababli endi mening dodimni hamma eshitdi”, deydi Gulira’no Qosimova.
Gulira’no Qosimovaning advokati Abduqahhor Mahmudov ham sud adolatli hukm chiqarishiga ishonishini ma’lum qildi.
“Jabrlanuvchilar Gulira’no Qosimova, Qurbonali Abdurahmonovga nisbatan qilingan ichki ishlar xodimlarining g‘ayriqonuniy harakatlari natijasida jinoiy ish qo‘zg‘atilib, prokuratura tomonidan tergov olib borildi. Mana, tergov ham yakunlanib, Furqat tumanining sobiq ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, birinchi o‘rinbosari ayblanib, ish jinoyat sudiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Bugundan sud jarayoni boshlandi.
Odil sudlovga ishonamiz. Odil sudlov adolatli hukmini chiqaradi. Ommaga e’lon qiladi. Ochiq sud majlisi o‘tkazishga kelishildi. Jamoatchilik nazoratiga ham ruxsat berildi. Suddan adolatli qaror kutyapmiz. Ishonamizki, O‘zbekistonda qonun ustuvorligi ta’minlangan, adolatli hukm chiqarilishiga umid qilamiz”, deydi u.
Jinoyat ishi bo‘yicha keyingi sud majlisi 15 oktyabr kuni o‘tkazilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanishini so‘ragan.
Mavzuga oid:
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid
08:22
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
14:10 / 02.12.2025
“Suv sepish bilan ish bitmaydi” – Farg‘ona havosi hamon o‘ta zararli bo‘lib qolmoqda
21:34 / 30.11.2025
Farg‘onada havo ifloslanishi rekord darajani tashkil etdi
19:56 / 30.11.2025