Jahon | 11:59 / 27.03.2026
5827
3 daqiqa o‘qiladi

Endi AQSh banknotlarida Donald Trampning ham imzosi bo‘ladi

G‘aznachilik departamenti 2026 yil iyundan boshlab AQSh banknotlari – qog‘oz pullarida prezident Donald Trampning imzosi aks etishini ma’lum qildi. Bu Amerika tarixida amaldagi prezidentning imzosi milliy valutada paydo bo‘ladigan ilk holatdir.

 100 dollarda aks yetgan AQSh g‘aznachisining imzosi / Foto: Kun.uz

Trampning imzosi G‘aznachilik kotibi Skott Bessentning imzosi bilan yonma-yon joylashtiriladi. AQSh G‘aznachilik departamentning bildirishicha, ushbu misli ko‘rilmagan qadam Amerikaning 250 yillik yubileyini nishonlash maqsadida tashlanmoqda.

«Buyuk mamlakatimiz va prezident Donald Trampning tarixiy yutuqlarini e’tirof etish uchun uning ismi tushirilgan AQSh dollaridan ko‘ra kuchliroq vosita yo‘q», dedi Skott Bessent.

Reuters’ning yozishicha, Tramp va AQSh G‘aznachilik kotibi Skott Bessentning imzolari tushirilgan dastlabki 100 dollarlik kupyuralar iyun oyida bosib chiqariladi, keyingi oylarda esa boshqa nominallar ham muomalaga chiqariladi. Yangi pullarning banklar orqali keng muomalaga kirishi bir necha hafta vaqt olishi mumkin.

G‘aznachilik rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, banknotlarning umumiy dizayni o‘zgarmaydi, faqat g‘aznachi imzosi o‘rniga Trampning imzosi qo‘yiladi. Tramp imzosi tushirilgan 100 dollarlik kupyuraning maketi hozircha ommaga taqdim etilmadi.

Tramp o‘zi imzolagan hujjatni ko‘rsatmoqda / Foto: Getty Images

Amerika mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan rejalashtirilgan yangi dizayndagi banknotlardan, shuningdek, so‘nggi 165 yil ichida birinchi marta AQSh g‘aznachisining imzosi olib tashlanadi. G‘aznachi bevosita G‘aznachilik kotibiga hisob beradi hamda AQSh zarbxonasi va boshqa g‘aznachilik funksiyalarini nazorat qiladi.

Hozirda G‘aznachilik sobiq prezident Jo Bayden davridagi G‘aznachilik kotibi Janet Yelen va sobiq g‘aznachi Lin Malerba imzolari tushirilgan banknotlarni chiqarishda davom etmoqda.

Reutersʼning yozishicha, imzo bilan bog‘liq bu o‘zgarish Tramp ma’muriyati va uning ittifoqchilari tomonidan prezident ismini binolar, muassasalar, davlat dasturlari, harbiy kemalar va tangalarga berish borasidagi navbatdagi harakatidir. O‘tgan haftada Tramp tomonidan tayinlangan federal san’at hay’ati uning tasviri tushirilgan esdalik oltin tanga dizaynini tasdiqlagan edi.

Shuningdek, muomalada bo‘ladigan 1 dollarlik Tramp tangasini chiqarishga urinishlar AQSh tangalarida tirik shaxslarni tasvirlashni taqiqlovchi qonunlar tufayli to‘xtab qolgan edi.

«Endi amerikaliklar oziq-ovqat, benzin, ijara va sog‘liqni saqlash uchun ko‘proq pul to‘layotganlarida aynan kimni ayblashni aniq bilib olishadi», deya Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bu qarorni tanqid qildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid