Jamiyat | 16:05 / 12.09.2024
17956
3 daqiqa o‘qiladi

“Apellyatsiya shikoyati kiritamiz” – Zohirshoh Jo‘rayev

Xonanda Zohirshoh Jo‘rayev sudning hal qiluv qaroridan norozi ekanini bildirdi. Unga ko‘ra, dalil va isbotlar yetarli bo‘lmay turib xulosaga kelingani uchun sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritiladi. “Qaysi mahkama nima qaror qabul qilishidan qat’i nazar, biz otamning qaroriga sodiqmiz”, dedi xonanda Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Botir Qodirovni Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li deb topgan FIB Uchtepa tumanlararo sudining hal qiluv qarorini Jo‘rayevlar oilasi adolatsiz qaror deya baholamoqda. Kun.uz’ga intervyu bergan xonanda Zohirshoh Jo‘rayev da’vogar tomonidan sudga na yozma, na boshqa ashyoviy dalillar keltirilmaganini bildirdi.

Xonandaga ko‘ra, Jo‘rayevlar oilasi taqdim etgan faktlar sudda qabul qilinmagan.

Biz otam Sherali Jo‘rayevning audio hamda videoyozuvlari, yozma ashyoviy dalillar, guvohlarni keltirdik, lekin bular sud tomonidan qabul qilinmadi. Bizga qarshi da’vo arizasini kiritgan tomonning bir nechta joyda “men Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li emasman”, qabilidagi audio-videoyozuvlari ham bor edi. Biroq shunga qaramasdan, sud otalik faktini tasdiqladi. Biz qarordan norozimiz”, – deydi Zohirshoh Jo‘rayev.

Xonanda otasi Sherali Jo‘rayevning vodiyda o‘tkazilgan to‘ylardan birida Botir Qodirov uning o‘g‘li emasligini tasdiqlagan gaplarini esladi:

20 yillar oldin vodiyda bir to‘yda otam xalqqa yuzlanib, “bunaqa bolam yo‘q mening, sizlar aytayotgan bolani mendan avval ham sening bolang deb bir nechta odamga olib borishgan”, deganlar. Otamning birinchi ayolidan 17 yil mobaynida farzandi bo‘lmagan. Qanday qilib farzand ko‘rmagan odam bolali bo‘lsa, uni chetga tashlab qo‘yadi? Otam nima degan bo‘lsa shuni isbotlab, uning himoyasida qolaman. Qaysi mahkama nima qaror qabul qilishidan qat’i nazar, biz otamning qaroriga sodiqmiz”, – deya ta’kidladi xonanda o‘z intervyusida.

11 sentabr kuni sudning hal qiluv qarori o‘qib eshittirilgach, xonanda Botir Qodirov OAVga intervyu berib, aka-uka Jo‘rayevlarning qo‘rqayotgan nuqtasi meros ekanini aytgandi. Zohirshoh Jo‘rayev esa bunga javoban meros ularga qiziq ham, muhim ham emasligini, bu masalani qarshi tomon ko‘targani va aynan meros deb sudga da’vo kiritganini bildirdi.

Mavzuga oid