Jahon | 21:16 / 23.07.2020
12837
2 daqiqa o‘qiladi

Ayo Sofiyadagi ilk namoz tafsilotlari ma'lum qilindi

Istanbul gubernatori Ali Yerlikaya Ayo Sofiya ibodatxonasidagi dastlabki namoz tafsilotlari haqida gapirib berdi.

Foto: theworldnews.net

Ibodat 24 iyuldan 25 iyulga qadar kuni bilan davom etadi va barcha xohlovchilar uchun ochiq bo‘ladi.

Gretsiyaning Yethnos nashri xabariga ko‘ra, 23 iyul kuni Ayo Sofiya atrofida avtomobillar harakati to‘xtatiladi. Namozda ishtirok etish uchun musulmonlar o‘zi bilan niqob, joynamoz, shuningdek «sabr va hokisorlik»ni olib kelishlari lozim bo‘ladi.

Nasroniy freskalar ibodat qilayotgan musulmonlarning ko‘zi tushmasligi uchun parda bilan to‘siladi. Dastavval o‘ziga xos yoritish moslamalaridan foydalanish ko‘zda tutilgan edi, ammo yorug‘lik rejimining o‘zgarishi freskalar holatiga salbiy ta'sir etishi mumkinligidan kelib chiqib, bu g‘oyadan voz kechildi.

Ayo Sofiyaga 3 nafar imom va 5 nafar muazzin tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyul kuni Turkiya davlat kengashi mamlakatning ilk prezidenti Mustafa Kamol Otaturkning Ayo Sofiyani muzeyga aylantirish va uning hududida diniy marosimlarni o‘tkazishni taqiqlash haqidagi qarorini bekor qilib, unga masjid maqomini qaytarish haqidagi yakuniy qarorni qabul qildi.

Turkiya hukumatining bu qaroriga Gretsiya, YuNeSKO, Rus pravoslav cherkovi qarshi chiqishdi. Rim papasi esa Istanbuldan kelayotgan xabarlardan qayg‘uda ekani haqida bayonot berdi.

Mavzuga oid