«Futbolchilar oilasini qanday boqishni bilmayapti». Vadim Abramov uch oydan buyon maosh olmayotgan «Bunyodkor»ning moliyaviy muammolari haqida
O‘tgan mavsumda yillik budjeti raqobatchilaridan nisbatan kam bo‘lsa-da, mavsum yakunlariga ko‘ra Superligada sovrindorlar safiga kira olgan «Bunyodkor» jamoasi 2020 yilni OChL saralash o‘yinlari bilan boshladi. Dastlabki pley-off o‘yinida g‘alaba, ikkinchisida esa safarda mag‘lubiyatga uchragan Vadim Abramov jamoasi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqa olmadi.
Shunga qaramay, mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rgan «Bunyodkor» jamoasi Superligani yomon boshlamadi – 3 o‘yinda 2 g‘alaba va bir mag‘lubiyat. O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov qo‘l ostidagi ushbu klubning joriy yilgi budjeti Superliganing bir qator klublaridan nisbatan kamroq bo‘lsa-da, asosini yoshlar tashkil etadigan «qaldirg‘ochlar» bu mavsumda ham o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan.
Biroq har tomonlama professionallikka intilayotgan, Osiyoda o‘z nomiga ega bo‘lib ulgurgan «Bunyodkor»ning moliyaviy ahvoli qiyin vaziyatda. «UzTransGaz» bosh homiyligidagi klub futbolchilari o‘tgan yilgi bronza medali, yangi mavsumdagi OChL pley-off bosqichidagi ishtirokiga qaramay, oylik maoshlarini ololmayapti. Jamoa oldida nafaqat 2020 yil hisobidan, hattoki 2019 yildan ham qolib ketgan qarzdorlik holati saqlanib kelmoqda.
Ayni koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan karantin holatida Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbiri «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan bog‘lanib, klubning asl moliyaviy holatini bilishga intildi.
- «Chindanam, jamoamiz 2020 yilda umuman oylik maosh olganicha yo‘q, qolaversa o‘tgan yildan ham qarzdorlik holati bor. Qonun-qoidalarga amal qilib, karantin vaqtida ko‘chaga chiqmay uyda avvalgi oylik maoshlar berilishini kutib o‘tiribmiz», - deya gap boshladi Vadim Karlenovich.
- Demak, bu yil hisobidan jamoa futbolchilari umuman oylik maosh olishmagan, shundaymi?
- Xuddi shunday, uch oydan buyon maosh olganimiz yo‘q. Men ko‘proq hozirgi qiyin pallada jamoamiz futbolchilari uchun qayg‘urayapman. Ular bilan imkon qadar qo‘ng‘iroqlashib, aloqada bo‘lib turibmiz. Jamoada ko‘pchilikning oilasi, ro‘zg‘ori bor ularni qanday boqishni bilishmayapti. Bunday paytda murabbiy, rahbar sifatida yigitlar, jamoadagilarning oldida biroz noqulay ahvolga tushasan. Afsuski, hozircha jamoada shunaqa ahvol.
- Klub bosh homiysi «UzTransGaz» rahbariyatida yaqinda o‘zgarish bo‘ldi. Bu borada qandaydir yangilik yoki moliyaviy holatga ta'siri bo‘ldimi?
- Bundan xabarim yo‘q. Bu mening vakolatimga kirmaydi. Buning uchun bosh direktor bor, rahbar sifatida direktorimiz homiylar bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Afsuski, hozircha bizga har safar «ertaga, indinga» deyishdan naryoqqa o‘tilmayapti.
- Yil boshida jamoa Osiyo chempionlar ligasi saralashida O‘zbekiston sharafini himoya qilganda ham vaziyat shunday edimi?
- Mavsum boshida Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etganligimiz bilan hisoblaganda, bilasizmi, hattoki shunga ham hech narsa ajratishmadi. Vaziyat qiyin. Nima bo‘layotganligini hattoki tushunmayapmiz. Futbolchilar, jamoadagilarning ham oilasi, ro‘zg‘ori bor. Meni shu ko‘proq tashvishlantiradi, - deydi «Bunyodkor» bosh murabbiyi Vadim Abramov.
Chindanam, O‘zbekiston milliy jamoalariga bir qator iqtidorlarni yetishtirib berayotgan «Bunyodkor» futbol klubining bugungi karantin holatida yil boshidan buyon moliyaviy qiyinchiliklar ostida qolayotganligi achinarli holat. Mablag‘ tanqisligi mavsum o‘rtasi yoki oxirida emas, yil boshidanoq kuzatilayotgani yanada ajablantiradi. Odatda, yil boshida Superliganing har bir klubi budjeti belgilanadi, xo‘sh UzTransGaz homiyligidagi klub yillik smetasi tasdiqlangan bo‘lsa, futbolchilarga nega maosh berilmayapti? Vaziyatni kuzatishda davom etayotgan Kun.uz va Tribuna.uz bu borada homiy tashkilotning javobiga ham quloq tutadi.
Usmon Ibodov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
08:00 / 09.09.2024
Bunyodkor shohko‘chasida 27 yoshli haydovchi urib yuborgan piyoda vafot etdi
13:11 / 02.04.2024
«Bunyodkor» Rivaldo va Denilson ishida bir necha yillik kelishuvga erishilganini e’lon qildi
21:00 / 02.03.2024
Yashirincha xususiylashtirish, metan-shoxobchadagi voqea va yoshlarga yangi imkoniyat - hafta dayjesti
14:37 / 27.02.2024