Jahon | 19:27 / 17.08.2025
14000
8 daqiqa o‘qiladi

Alyaskadan keyin Trampning pozitsiyasi qanday o‘zgardi?

Foto: Getty Images

Donald Trampning Ukrainadagi urush qanday tugashi kerakligi haqidagi qarashlari Alyaskada Rossiya rahbari bilan uchrashuvdan keyin o‘zgardi, deb yozadi G‘arbning yetakchi nashrlari o‘z manbalariga tayanib.

Agar bu manbalarga ishonilsa, bu Ukraina uchun ham yaxshi, ham yomon yangilik degani. BBC bu boradagi so‘nggi xabarlarni bir joyga jamladi.

O‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga tinchlik shartnomasi

O‘z pozitsiyasidagi birinchi o‘zgarish haqida Trampning o‘zi ma’lum qildi: Vladimir Putin bilan uchrashuvdan so‘ng u tezkor sulh emas, balki tinchlik shartnomasi bo‘yicha kelishib olish kerak, degan qarorga keldi. Juma kuniyoq Tramp Alyaskaga yo‘l olarkan, birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga umid qilgandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda va uni Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ammo frontdagi vaziyat Putinning foydasiga hal bo‘lmoqda va u sulh tuzishni istamayapti – va buning o‘rniga o‘z shartlari asosida tinchlik shartnomasini talab qilmoqda. Ekspertlar taxminiga ko‘ra, Putin Trampni o‘z pozitsiyasiga ishontirgan bo‘lishi mumkin – yoki Tramp shunchaki Kreml ko‘rib chiqishdan bosh tortgan ssenariyni talab qilishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblagan.

Bu pozitsiyaning o‘zgarishi Kiyev va uning yevropalik ittifoqchilarining hafsalasini pir qilgan bo‘lishi kerak, deb yozadi BBC diplomatik muxbiri Pol Adams. Putin esa Amerikaning yangi sanksiyalaridan qutulib qoldi va urushni davom ettirish uchun vaqtdan yutdi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy BBC Jahon xizmatining Newshour radioeshittirishi efirida ikki prezident nimalarni muhokama qilgani haqida chiqqan maqolalar shunchaki taxminlar ekanini aytdi.

Shu bilan birga, Zelenskiy dushanba kuni Vashingtonga tashrifi chog‘ida Trampning pozitsiyasi nega bunchalik o‘zgarganiga izoh olishga harakat qiladi, deb yozadi New York Times.

Ukraina uchun xavfsizlik kafolati

Ukraina uchun yaxshi yangilik shundaki, Tramp unga AQSh + Yevropa Ittifoqi formatida, ammo NATO ishtirokisiz xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor – bu haqda Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib yozmoqda. Putinning Alyaskada Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari zarurligi masalasida Tramp bilan kelishib olgani haqidagi so‘zlari, shuningdek, Amerika prezidentining uchrashuvdan keyin Fox News telekanaliga bergan intervyusidagi qisqa izohi buning bilvosita tasdig‘idir.

Avvalroq Tramp Amerikaning xavfsizlik kafolatlariga qarshi bo‘lgan va ularni Ukraina bilan nodir metallar bo‘yicha kelishuv bilan almashtirish mumkin deb hisoblagan. Agar Ukraina sharqida Amerika kompaniyalari ishlaydigan bo‘lsa, bu Rossiya yana hujum qilmasligi uchun yetarli, deb tushuntiradi Oq uydagilar. Ammo Alyaskadagi uchrashuv arafasida Zelenskiy yana bir bor AQSh tomonidan ishonchli xavfsizlik kafolatlari bo‘lgan taqdirdagina hududiy yon berishlarni muhokama qilishga tayyorligini bildirdi va bu borada uni yevropalik ittifoqchilar qo‘llab-quvvatladi.

Putin bilan uchrashuvdan so‘ng AQSh prezidenti Zelenskiy va Yevropa yetakchilariga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishda ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozadi Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib.

«Bizning aniq pozitsiyamiz: Ukraina o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini samarali himoya qilish uchun metin xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak. Biz prezident Trampning AQSh o‘z xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyorligi haqidagi bayonotini olqishlaymiz», – deyiladi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Polsha, Finlandiya yetakchilari hamda Yevropa kengashi va Yevrokomissiya rahbarlarining qo‘shma bayonotida.

Biroq, Axios nashrining Oq uyga yaqin bo‘lgan manbalari qarama-qarshi manzarani ko‘rsatadi. Ularning ta’kidlashicha, Tramp va Putin Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilgan bo‘lsa-da, ular hech narsa haqida kelishib olmagan, Putin esa salohiyatli kafolat sifatida G‘arb davlatlarini emas, Xitoyni tilga olgan.

Donbass topshirilishi va front chizig‘i muzlatilishi

Zelenskiy va yevropaliklar bilan bo‘lgan o‘sha qo‘ng‘iroq chog‘ida Tramp Rossiya Federatsiyasi Kiyevdan qisman bosib olingan Donetsk oblastini to‘lig‘icha topshirishini kutayotganini aytdi, deb yozadi Bloomberg. Shu bilan birga, Putin Zaporijjya va Xerson oblastlariga nisbatan xuddi shunday talabdan voz kechishga va buning o‘rniga front chizig‘ini hozirgi holatida muzlatishga tayyor, deydi nashr suhbatdoshlari.

Keyinchalik Financial Times gazetasi ham xuddi shu haqda yozdi – gazetaning to‘rtta manbasiga ko‘ra, Alyaskadagi muzokaralarda Rossiya prezidenti urushni tugatish sharti sifatida Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidan to‘liq chiqib ketishini talab qilgan. Buning evaziga Putin Xerson va Zaporijjya oblastlaridagi front chizig‘ini muzlatishga va ko‘proq hududni egallashga urinmaslikka rozi, deb yozadi FT. Shu bilan birga, Putin o‘zining asosiy talablarini olib tashlamayapti, ular mojaroning asosiy sabablari deb atagan narsani – Ukrainada uning irodasini bajaradigan rejim yo‘qligi va mamlakatning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishga intilishini bartaraf etishga qaratilgan.

Putinning Donetsk oblastining butun hududini, shuningdek, shundoq ham deyarli to‘liq bosib olingan Luhansk oblastini tark etish talabi haqida keyinroq Reuters manbasi ham ma’lum qildi.

Bu hafta Zelenskiy Donetsk oblastidagi hududlarni topshirishni yana istisno qildi va Ukraina Donbassdan chiqmasligini aytdi. Ammo u hududlar masalasini Ukraina Konstitutsiyasi ruxsat bergan doirada muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. NATO bosh kotibi nazariy ssenariyni tasvirlab berdi, unda Kiyev amalda o‘z hududlarini vaqtincha yo‘qotishni qabul qiladi, ammo qonuniy ravishda ularni bosib olingan deb hisoblashda davom etadi.

Tramp Yevropa yetakchilariga agar Zelenskiy Donbassning okkupatsiya qilinmagan qismlarini topshirishga rozi bo‘lsa, tinchlik shartnomasini tezda tuzish mumkin deb hisoblashini aytdi, deb yozadi New York Times Yevropaning yuqori martabali mulozimlariga tayanib. Ularning so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga Putin kelgusida hujum qilmaslik haqida yozma kafolat berishga tayyor.

Putinning Alyaskada e’lon qilgan boshqa shartlari orasida Ukrainada rus tiliga rasmiy til maqomini berish ham bor, deb yozadi CBS.

Rossiya rahbari yon berish sifatida Xarkiv va Sumi oblastlarining bosib olingan qismlaridan qo‘shinlarni olib chiqishni taklif qilmoqda, deb yozgan Axios. Ukraina qurolli kuchlari ayni vaqtda Donetsk oblastining 30 foizini – jami 6600 kilometr kvadrat maydonni nazorat qilmoqda, Xarkiv va Sumi oblastlarida ruslar qo‘lida qolayotgan hududlar esa ancha kichik (440 kilometr kvadrat ) va strategik jihatdan kamroq ahamiyatga ega.

Mavzuga oid