O‘qituvchilarning ish haqi «urib» qolinadimi? Rasmiy munosabat bildirildi
Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatda respublikadagi budjet, xususan ta'lim muassasalari xodimlarining ish haqini hisoblashda foydalaniladigan “UzASBO” elektron dasturi ishida go‘yo kamchilik borligini iddao qilingandi.
Ta'kidlanishicha, o‘rindoshlik asosida dars o‘tgan o‘qituvchining qo‘shimcha darslariga 100 foiz emas, 80 foiz haq to‘lab kelinmoqda. Moliya va Xalq ta'limi vazirliklari ushbu masalaga oydinlik kiritib, Kun.uzʼga quyidagi munosabatni yo‘lladi:
«UzASBO» dasturi budjet tashkilotlarining buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish uchun mo‘ljallangan dastur bo‘lib, barcha operatsiyalar, ko‘rsatkichlar va me'yorlar, shu jumladan mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlari amaldagi qonun hujjatlariga asosan o‘z vaqtida kiritib boriladi.
Ushbu dasturda hozirgi kunda 26 mingdan ortiq budjet tashkilotlaridagi 3,5 million atrofida ishchi xodimlar va talabalarning ish haqi, stipendiya to‘lovlari qonunchilikda belgilangan tartib va qoidalar asosida hisoblab boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 11 dekabrdagi «O‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlari to‘g‘risida» gi 312-son qarorida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanishi belgilangan.
Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori qabul qilingunga qadar, o‘rindoshlik asosida ishlovchi o‘qituvchilarga soatbay mehnatiga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2006 yil 5 yanvardagi 03, 01/23-sonli qo‘shma buyrug‘i asosida o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasiga 0,8 koeffitsiyentni qo‘llash orqali amalga oshirilib kelingan.
Shundan kelib chiqib, hozirgi kunda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2019 yil 22 aprel kuni 3157-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida» gi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan.
Mazkur me'yoriy hujjatda umumta'lim maktablari pedagog xodimlariga o‘tgan darsi uchun soatbay haq to‘lash miqdorlari quyidagicha belgilangan:
Ya'ni, yuqoridagi jadvaldan kelib chiqib, «UzASBO» dasturida umumta'lim maktablari pedagog xodimlari mehnatiga soatbay haq to‘lash miqdorlari quyidagicha belgilanadi:
Agar umumta'lim maktabi o‘qituvchisi asosiy lavozimda to‘liq stavkada ishlasa, unga malaka toifasidan kelib chiqib, yuqorida keltirilgan bazaviy tarif stavkasiga muvofiq oylik ish haqi to‘lanadi.
Endi, quyidagi misollar orqali o‘rindoshlik asosida va asosiy lavozimda maktabda faoliyat yuritadigan ikkinchi malaka toifali o‘qituvchining ish haqi miqdori qonunchilikka asosan, shuningdek «UzASBO» dasturida qanday tartibda hisob-kitob qilinishini ko‘rsatib o‘tamiz.
a) o‘rindoshlik (soatbay) asosida haftasiga 10 soat dars beradigan ikkinchi malaka toifali o‘qituvchining bir oylik soatbay ish haqi quyidagicha hisoblanadi:
21 691,4 so‘m * 10*4,2 = 911 038,8 so‘m.
Bunda:
10 – haftalik dars soat miqdori
4,2 – bir oyda o‘rtacha haftalar soni.
b) asosiy lavozimda haftasiga 10 soat (0,5 stavka) dars va 8 soat pedagogik yuklamani bajaradigan ikkinchi malaka toifali o‘qituvchining bazaviy lavozim maoshi esa 903 807 so‘mni (1 807 614 so‘m * 0,5 stavka) tashkil etadi.
Mazkur misollardan ko‘rinib turibdiki, o‘rindoshlik asosida va asosiy lavozimda maktabda faoliyat yuritadigan ikkinchi malaka toifali o‘qituvchining ish haqi miqdorlari deyarli bir xil, ya'ni maqolada ko‘rsatilgan ish haqi miqdorlari orasidagi 80 foizli nisbat hisob-kitoblarda mavjudligi aniqlanmadi.
Shu bilan birga aytib o‘tish zarurki, asosiy lavozimdagi o‘qituvchiga nisbatan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan o‘qituvchining ish hajmi farqlanadi. Masalan, soatbay o‘qituvchiga dars soati davomida o‘quvchilarning Davlat ta'lim standartida belgilangan talablarni bajarishni ta'minlash yuklatiladi.
Asosiy lavozimdagi o‘qituvchidan farqli ravishda soatbay o‘qituvchidan qo‘shimcha yoki to‘garak mashg‘ulotlari tashkil etish, maktabdagi jamoatchilik ishlari, turli tadbirlarda ishtirok etish majburiy tarzda talab etilmaydi.
Shu bilan birga, soatbay o‘qituvchiga umumiy tartibda uchta hujjat: mavzu reja, darsga tayyorgarlik konspekti va sinf jurnalining tegishli sahifasini o‘z vaqtida to‘ldirib borish majburiyati yuklanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi «O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» gi 297-son qaroriga muvofiq budjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirganlik, ishlar hajmini ko‘paytirganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlanayotgan lavozim bo‘yicha maoshning (tarif stavkasining) 50 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Yuqorida keltirilgan umumta'lim maktablari pedagog xodimlariga o‘tgan darsi uchun soatbay haq to‘lash miqdorlari «UzASBO» dasturiga 2019 yil aprel oyida kiritilgan bo‘lib, xalq ta'limi bo‘limi markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati hisobchisi tomonidan pedagog xodimlarning dasturda tanlab ko‘rsatilgan toifasidan kelib chiqib, ish haqi miqdorining hisob-kitoblari avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
O‘z navbatida, maqolada aniq misol va holatlar aks ettirilmaganligi sababli mazkur holatni yanada aniqlashtirish imkoniyati bo‘lmadi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi muallif tomonidan batafsil ma'lumot berilgan taqdirda, vaziyatga yanada oydinlik kiritishga tayyorligini ma'lum qilamiz», — deyiladi munosabatda.
Mavzuga oid
09:30 / 22.11.2024
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
12:41 / 10.11.2024
Toshkentda litsey o‘qituvchisi o‘quvchini do‘pposladi
20:43 / 09.11.2024