Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronga qarshi operatsiyaga tayyorlanayotgan AQSh harbiylari, «Palestine Action» g‘alabasi va Yevropaning yadroviy rejalari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh harbiylari Eronga qarshi operatsiyalarga tayyorlanmoqda
Agar prezident Donald Tramp hujum qilishni buyursa, AQSh harbiylari Eronga qarshi bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan uzluksiz operatsiyalar ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda ikki nafar AQSh rasmiysi Reutersʼga ma’lum qildi.
Shu bilan birga, juma kuni Pentagon Yaqin Sharqqa qo‘shimcha aviatashuvchi kema: minglab qo‘shimcha harbiylar, qiruvchi samolyotlar, boshqariladigan raketali esminetslar va boshqa harbiy vositalar ham jo‘natilayotganini aytdi.
Tramp juma kuni Shimoliy Karolinadagi bazada AQSh harbiylariga murojaat qilib, Eron bilan kelishuvga erishish «qiyin bo‘lganini» aytdi. Shuningdek, Tramp Eronda rejim almashishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Bu sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa bo‘lsa kerak», dedi u. Undan Eronni kim «boshqarishini» istashi so‘ralganda, «bu haqida gapirishni istamayman. Odamlar bor», deya javob berdi.
Pentagon va Oq uy esa izoh berishdan bosh tortdi. O‘tgan yili ham AQSh mintaqaga ikki aviatashuvchi kema yuborgan edi — o‘shanda Eron yadroviy obektlariga zarbalar berilgan.
Lekin bu safar olib borilayotgan rejalashtirish ancha murakkabroq, dedi rasmiylar.
Uzluksiz kampaniya doirasida AQSh harbiylari faqat yadroviy infratuzilmani emas, balki Eronning davlat va xavfsizlik obektlariga ham zarba berishi mumkin, degan rasmiylardan biri. U aniq tafsilotlarni keltirmadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuchli raketa arsenaliga ega Eronga qarshi bunday operatsiyada AQSh kuchlari uchun xavf ancha yuqori bo‘ladi. Eronning javob zarbalari esa mintaqaviy mojaro xavfini oshiradi.
Avvalroq Inqilobiy gvardiya Eron hududiga zarba berilsa, AQShning istalgan harbiy bazasiga javob berish bilan ogohlantirgan. AQSh Yaqin Sharq bo‘ylab — Iordaniya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, BAA va Turkiyada harbiy bazalarga ega.
«Palestine Action» sudda g‘alaba qozondi
«Palestine Action» tashkilotining hammuassisi Huda Ammori Buyuk Britaniyada guruhni «terrorchi tashkilot» sifatida taqiqlashga qarshi sud da’vosida g‘alaba qozondi.
Ammori Londondagi Oliy sudda o‘tkazilgan sud jarayonida taqiqni shubha ostiga qo‘ygan edi. Sudyalar guruhning terrorizmga oid qonunchilik asosida taqiqlanishi noqonuniy degan qarorga keldi.
«Palestine Action» taqiqi so‘z erkinligiga nisbatan nomutanosib bo‘lgani va ichki ishlar vaziri o‘z siyosatini buzganini Oliy sud aniqladi. Sud taqiqni bekor qilishni buyurdi», deb yozdi Ammori.
Sud o‘z saytida e’lon qilgan qisqa xulosada aytilishicha, guruhni taqiqlash «nomutanosib» bo‘lgan va «uning faoliyati terrorizm ta’rifiga kiradigan daraja, miqyos va davomiylikka hali yetmagan». Biroq qo‘shimcha huquqiy bahslarga vaqt berish maqsadida guruh hozircha taqiqlangan bo‘lib qoladi.
Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud hukumat Oliy sud qarori ustidan apellyatsiya berishini aytib, guruhni taqiqlash «puxta va dalillarga asoslangan qaror qabul qilish jarayoni asosida amalga oshirilganini» va parlament tomonidan ma’qullanganini ta’kidladi.
«Palestine Action» — Buyuk Britaniyada joylashgan faollar guruhi bo‘lib, ular Isroilning qurol-yarog‘ yetkazib berish zanjiriga qarshi faol harakat qiladi. Xususan, guruh a’zolari 2025 yil yozida Qirollik harbiy-havo kuchlari bazasiga kirib, ikki samolyotni bo‘yoq bilan purkagani va 9,4 million dollar zarar yetkazgani uchun taqiqlangan tashkilotlar qatoriga kirgandi. Shundan beri Buyuk Britaniya bo‘ylab yuzlab Falastin tarafdori bo‘lgan faollar hibsga olingan.
Leyboristlar partiyasining sobiq yetakchisi Jyeremi Korbin sudning bu qarorini «Falastin bilan birdamlik harakati, fuqarolik erkinliklari va umumiy insoniyatimiz uchun ulkan g‘alaba» deb atadi. «Haqiqiy jinoyat bu — hukumatning genotsidga sherikligi va biz Falastin xalqi uchun adolat qaror topmaguncha to‘xtamaymiz», dedi u.
«Yevropa va AQSh o‘rtasida jarlik bor»
Har yili o‘tkaziladigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasini ochib berar ekan, Germaniya kansleri Fridrix Mers yevropaliklar «qurbonlik qilishga tayyor bo‘lishi kerakligini» ta’kidladi. U shuningdek, «Yevropa va AQSh o‘rtasida chuqur bo‘linish yuzaga kelganini» tan oldi.
Konferensiya AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish niyatini bildirib, Yevropa davlatlaridan importga boj joriy etgani fonida o‘tmoqda. AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Mersning nutqini tinglab o‘tirgan.
Yillik yig‘ilish kun tartibida Rossiya–Ukraina urushi, G‘arb va Xitoy o‘rtasidagi keskinliklar, shuningdek, ehtimoliy Eron–AQSh yadroviy kelishuvi ham bor.
«Qo‘rqamanki, buni yanada ochiqroq aytishimiz kerak: bu tartib — eng yaxshi davrida ham mukammal bo‘lmagan bo‘lsa-da, endi avvalgi shaklida mavjud emas. Yevropa va AQSh o‘rtasida jarlik, chuqur bo‘linish yuzaga kelgan. Vitse-prezident J.D.Vens buni bir yil avval aynan shu yerda juda ochiq aytgandi», dedi Mers.
Biroq Mers o‘nlab yillik hamkorlikdan voz kechmadi, aksincha, AQShga murojaat qilib, «transatlantik ishonchni tiklaylik va jonlantiraylik», dedi.
Germaniya yetakchisi, shuningdek, Fransiya prezidenti bilan Yevropaning qo‘shma yadroviy tiyib turish tizimini yaratish bo‘yicha «maxfiy muzokaralar» olib borilayotganini ma’lum qildi. U qo‘shimcha tafsilot bermadi.
Keyinroq so‘zga chiqqan Makron esa yangi global sharoitda Yevropa «geosiyosiy kuch bo‘lishni o‘rganishi kerakligini» ta’kidladi. Uning aytishicha, Yevropa Ukrainadagi urushdan keyin allaqachon qayta qurollanmoqda, biroq «jarayonni tezlashtirish» va qit’a bo‘ylab birgalikda ishlash zarur.
Parijda politsiyaga hujum qilindi
Juma kuni kechqurun Parijdagi Triumf arkasi yonida pichoq bilan qurollangan erkak politsiya xodimiga hujum qilishga urindi. Shundan so‘ng u politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.
Politsiya erkakka bir necha bor o‘q uzilib, og‘ir ahvolda kasalxonaga olib borilganini, keyin esa u jarohatlari oqibatida vafot etganini bildirdi. Hujum vaqtida politsiyachilardan biri yengil jarohat olgan.
AFP agentligiga ko‘ra, gumonlanuvchi Parij shimolidagi chekka hududda ro‘yxatda turgan va huquq-tartibot organlariga ma’lum bo‘lgan.
Fransiyaning milliy terrorizmga qarshi prokuraturasi ishni o‘z zimmasiga oldi va tergov boshladi. Ish nima uchun terrorizm bilan bog‘langani ma’lum emas. Politsiya hozircha gumonlanuvchining shaxsi yoki ehtimoliy motivi haqida tafsilotlarni e’lon qilmagan.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026