O‘zbekiston | 20:09 / 08.07.2024
6946
2 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy kengashlar raislari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi

Shu yil kuzda bo‘ladigan deputatlik saylovlari natijalariga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining mahalliy kengash raisi maqomi bekor qilinadi. Kengashlar raislari mahalliy deputatlar orasidan saylanadi va ular asosiy ishidan ajralmagan holda, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.

Foto: Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hokimlarning mahalliy kengash raisi maqomini bekor qilishga doir qonun loyihasini ko‘rib chiqa boshladi.

Bu o‘zgarish o‘tgan yili yangilangan konstitutsiyada ko‘rsatib o‘tilgan edi. Unga ko‘ra, 2024 yilgi deputatlik saylovlari yakunlari bo‘yicha viloyatlarda va Toshkent shahrida hokimlarning xalq deputatlari mahalliy kengashlarida raislik qilishiga barham beriladi. Tuman va shaharlar miqyosida esa bu tartibga 2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘tiladi.

Bu boradagi qonun loyihasini bir guruh deputatlar ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qiladi, u jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi va muddatidan oldin lavozimdan ozod qilinishi mumkin.

Hokim nomzodi kengashda ko‘rib chiqilayotganda, u hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Hokimlarning kengash deputatlari orasidan tayinlanishi va tasdiqlanishi haqidagi talab bekor qilinib, ularning deputat etib saylanishi mumkinligi aks etmoqda.

Mahalliy kengashlarga hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, qoida tariqasida, 5 tagacha (amalda 8 ta) doimiy komissiya tuzish huquqi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy kengash va hokim qabul qiladigan hujjatlar yagona elektron tizimda (e-qaror.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tkazilishi va tizimga joylashtirilishi shart bo‘ladi.

Bu tizimdan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas, deb hisoblanadigan bo‘ladi.

Deputatlarga ko‘ra, bu qonun loyihasining qabul qilinishi joylarda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini “to‘laqonli ro‘yobga chiqarish imkoni”ni beradi.

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyada saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. Bu sana 2024 yilda 28 oktyabrga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid