Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chilonzordagi qurilish obektida minorali kran qulab tushdi
Hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan. Tan jarohati olganlar ham bor.
Foto: Videodan kadr
Chilonzor tumanidagi turar joy majmuasi qurilish maydonida minorali kran qulab tushdi. Holat 8 sentabr kuni sodir bo‘lgan.
FVV va Toshkent shahar prokuraturasining Kun.uz'ga tasdiqlashicha, hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, tan jarohati olganlar ham bor.
Ma’lum bo‘lishicha, kran qulagan hududda “Omega-agro stroy” MChJ tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Ammo kran yordamchi pudratchi sifatida ishlagan boshqa firmaga tegishli bo‘lgan.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga ko‘ra, montaj ishlari olib borilayotganda kranning tayanch oyoqlarini asosga o‘rnatib ushlab turuvchi qismi mustahkam qotirilmagan. Shu sababli kranning keyingi qismini qo‘yish uchun harakatlanish davrida kran bir tomonga og‘ib ketgan va uning asosga qotirilmagan 2 ta oyog‘i ko‘tarilib ketishi oqibatida yerga qulagan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, holat 8 sentabr kuni soat taxminan 18:00 larda Chilonzor tumanining Tirsakabod ko‘chasida olib borilayotgan qurilish hududida sodir bo‘lgan. Minorali qurilish krani o‘rnatish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi ta’minlanmagani sababli qulab tushgan. Buning oqibatida kranni o‘rnatish ishlarini olib borayotgan 25 yoshli yollanma ishchi L.A. olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, yollanma ishchilar – 2004 yilda tug‘ilgan I.Q. hamda 2000 yilda tug‘ilgan M.A. turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlarida mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga, boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lib, bunday qilmish muayyan huquqdan mahrum qilgan holda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mavzuga oid
18:58 / 22.11.2025
Toshkentda qurilish maydonlariga ham suv sepilmoqda
15:12 / 22.11.2025
O‘zbekistonda qurilish bozori hajmi 10 oyda qariyb 15 foizga oshdi
12:04 / 22.11.2025
Ekologik qonunbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiya faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi
15:38 / 21.11.2025