“O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni (PF–219-son, 2025 yil 18 noyabr) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab qo‘yildi, jumladan:
“Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040 yilga qadar 50 foizga yetkazish;
uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish.
Farmonga muvofiq, qurib bitkazilmagan uy-joylarni birinchi navbatda qurilishga jalb etish, shuningdek, ekologik toza mahsulotlardan foydalangan holda uy-joy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutuvchi kompleks qurilish tamoyili asosida uy-joylar qurilishini tashkil etish tartibi joriy etiladi.
Kompleks qurilish tamoyili doirasida, xususan, quyidagilar ta’minlanadi:
kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;
loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish.
Qayd etilishicha, mazkur islohotlar uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish, qurilishning sifatini oshirish, aholining zamonaviy, qulay va ekologik jihatdan xavfsiz uy-joylarga bo‘lgan talabi yuqori darajada qondirilishiga xizmat qiladi.











