Jamiyat | 22:08 / 05.08.2025
15008
2 daqiqa o‘qiladi

DXX qamoqxona madaniyatini jozibador ko‘rsatuvchi AUYe harakatidan ogohlantirdi

AUYe – Rossiyada paydo bo‘lgan va jinoyatchilikning alohida shakli sifatida e’tirof etilgan xavfli harakat.

So‘nggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning ta’siri keskin oshmoqda. Shulardan biri AUYe deb ataluvchi jinoiy harakat bo‘lib, u nafaqat o‘smirlarni, balki chet elda ishlayotgan migrantlarni ham domiga tortayotgani bilan jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu haqda DXX ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, AUYe («Arestanskiy uklad yedin» iborasining bosh harflaridan iborat qisqartma) Rossiyada paydo bo‘lgan va jinoyatchilikning alohida shakli sifatida e’tirof etilgan xavfli harakatdir. U «o‘g‘rilar qonunlarini» ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini jozibador ko‘rsatishni, hayotga singdirishni maqsad qilgan.

Rossiyada bu harakat 2020 yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda bir qancha o‘zbekistonliklar AUYe harakatini qo‘llab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

AUYe asosan internet, ijtimoiy tarmoqlar va chatlar orqali targ‘ib qilinadi, ushbu harakat bilan bog‘lanish insonni jinoiy faoliyatga tortishi mumkin.

Rossiya qonunchiligiga muvofiq, AUYe harakatiga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1 yildan 4 yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish yoxud 2 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Mavzuga oid