O‘zbekiston | 14:28 / 08.09.2023
7231
3 daqiqa o‘qiladi

Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy respublika tibbiyot markazi tashkil etiladi

1 oktyabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning 14 hududiy filiali tashkil etiladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

“Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 oktyabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning 14 hududiy filiali tashkil etiladi.
 
Birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida “tibbiyot brigadalari”:

o‘zlariga biriktirilgan hududlarda homilador ayollarni aniqlaydi, ularni hisobga olish va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tashkil etadi;

homilador ayollar holatini doimiy monitoring qilib boradi;

tug‘uruqdan keyingi davrda ona va bolaning davriy patronajini olib boradi;

Markazning hududiy filiallari:

xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi, ularni davolaydi;

irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi;

Respublika perinatal markazi:

erta tug‘uruq xavfi bo‘lgan homiladorlarga, shuningdek, muddati yetmasdan (22-28 haftalik) tug‘ilgan chaqaloqlarga barcha turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatadi;

Markaz:

homilador ayollar va yangi tug‘ilgan bolalar skriningi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan hamda yuqori texnologik diagnostika va davolash amaliyotlarini joriy etadi;

akusherlik-ginekologiya, tibbiy-genetik maslahat, sog‘lom oilani rejalashtirish, molekulyar-genetik tekshiruv, plastik va estetik ginekologiya, yordamchi reproduktiv texnologiyalar xizmatlarini tashkil etadi.

2023 yil 1 oktyabrdan birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida mutaxassislarni joriy etilayotgan yangi tizim bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. 

2024 yil 1 oktyabrdan har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qo‘llanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.

Onalar va bolalar hamda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturga ko‘ra, homilador ayollar uy varaqasini raqamlashtirish va amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan. 

2023–2027 yillarda tug‘uruq o‘rinlari soni jami 4 321 taga oshiriladi. 

Mavzuga oid