“Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2023 yil 1 oktyabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning 14 hududiy filiali tashkil etiladi.
 
Birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida “tibbiyot brigadalari”:

o‘zlariga biriktirilgan hududlarda homilador ayollarni aniqlaydi, ularni hisobga olish va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tashkil etadi;

homilador ayollar holatini doimiy monitoring qilib boradi;

tug‘uruqdan keyingi davrda ona va bolaning davriy patronajini olib boradi;

Markazning hududiy filiallari:

xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi, ularni davolaydi;

irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi;

Respublika perinatal markazi:

erta tug‘uruq xavfi bo‘lgan homiladorlarga, shuningdek, muddati yetmasdan (22-28 haftalik) tug‘ilgan chaqaloqlarga barcha turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatadi;

Markaz:

homilador ayollar va yangi tug‘ilgan bolalar skriningi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan hamda yuqori texnologik diagnostika va davolash amaliyotlarini joriy etadi;

akusherlik-ginekologiya, tibbiy-genetik maslahat, sog‘lom oilani rejalashtirish, molekulyar-genetik tekshiruv, plastik va estetik ginekologiya, yordamchi reproduktiv texnologiyalar xizmatlarini tashkil etadi.

2023 yil 1 oktyabrdan birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida mutaxassislarni joriy etilayotgan yangi tizim bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. 

2024 yil 1 oktyabrdan har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qo‘llanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.