Sport | 09:57 / 07.09.2025
11192
11 daqiqa o‘qiladi

Ronalduda dubl, Angliyada 100 foizlik natija. Kun o‘yinlari

Krishtianu faoliyatidagi 1000-goliga qarab ketmoqda, Avstriyadagi o‘yin gazondagi teshik tufayli to‘xtab qoldi. JCh-2026 saralashi doirasida Yevropada shanba kuni o‘tkazilgan o‘yinlar va guruhlardagi vaziyat.

Foto: Reuters

F guruhi

Armaniston – Portugaliya 0:5
Gollar:
Joau Feliks, 10 (0:1). Krishtianu Ronaldu, 21 (0:2). Joau Kanselu, 32 (0:3). Krishtianu Ronaldu, 46 (0:4). Joau Feliks, 62 (0:5)
Armaniston: Avagyan, Muradyan, Arutyunyan, Tiknizyan (Grigoryan, 79), Piloyan, Ivu (Agasaryan, 86), Spersyan, Bichaxchyan (Sevikyan, 60), Oganesyan, Selarrayyan (Ranos, 60), Barsegyan (Shagoyan, 79)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Gonsalu Inasiu, Nunu Mendesh (Nunu Tavaresh, 66), Joau Kanselu (Palinya, 79), Joau Nevesh, Pedru Netu (Trinkan, 46), Brunu Fernandesh, Joau Feliks (Gonsalvesh, 66), Vitinya, Krishtianu Ronaldu (Ramush, 57)
Ogohlantirish: Piloyan, 26

Armanistonda iste’foga chiqarilgan gollandiyalik Jon van ‘t Sxip o‘rniga shu vaqtgacha «Pyunik»da ishlab kelgan Yegishe Melikyan yangi bosh murabbiyga aylandi. Portugaliya bilan o‘yinga u uch markaziy himoyachidan iborat pragmatik sxema tanladi, faqat bu yordam bermadi va birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib Joau Feliks va Krishtianu Ronaldu bittadan gol urishdi. Endilikda «An-Nasr»da birga to‘p surayotgan ushbu futbolchilarning ikkisi ham darvozabon hududiga uzatilgan pasdan keyin darvoza to‘rini ishg‘ol etishdi, mezbonlar himoyachilari tig‘iz joylashuvi gollardan qutqara olmadi.

Saudiya Arabistoni chempionatiga o‘ynayotgan yana bir portugaliyalik Joau Kanselu uchinchi golni urganida esa tribunalarda yig‘ilganlarning natijadan umidi butkul uzildi. Ushbu himoyachi o‘z golini Diogu Jotaga bag‘ishladi. Ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar sardori uzoq masofadan o‘z uslubida navbatdagi golini urdi. Bu orqali 40 yoshli futbolchi Portugaliya safidagi gollarini 140 taga yetkazib oldi. O‘z navbatida, bu uning faoliyatidagi 941 va 942-gollar bo‘ldi.

O‘yin natijasi amalda hal bo‘lganidan keyin Roberto Martines sardorga dam berishga qaror qildi. Biroz o‘tib terma jamoadagi ilk dublini nishonlagan Feliks ham maydondan olindi. Armaniston esa bor kuchi bilan hech bo‘lmasa bitta javob goli urishga intildi, ammo mezbonlar gol urishdan ko‘ra gol o‘tkazib yuborishga yaqinroq edi. Masalan, Spersyan o‘z jamoasi darvozasi yaqinida to‘p yo‘qotganida faqat darvozabon Avagyanning qahramonligi navbatdagi goldan saqlab qoldi. Portugaliya shunchaki boshqa darajada ekanini namoyish etdi, Armaniston esa bu o‘yini bilan ikkinchi o‘rin uchun kurashishi ham savol ostida.

Irlandiya – Vengriya 2:2
Gollar:
Varga, 2 (0:1). Sholloi, 15 (0:2). Fergyuson, 49 (1:2). Ida, 90+3 (2:2)
Irlandiya: Kelleher, O`Shi, Kollinz, Doerti (Teylor, 66), O`Brayyen, Kallen (Ogbene, 66), Eyzas (Jonston, 78), Nayt (Makatir, 90), Menning, Smodich (Ida, 78), Fergyuson
Vengriya: Dibus, Salai, Orban, Nego, Kerkez (Nad, 80), Stayls, Soboslai, A. Tot (Etvesh, 55), Bolla (Mochi, 67), Sholloi, Varga (B. Tot, 80)
Ogohlantirishlar: Fergyuson, 42. Kallen, 54. Kollinz, 90 – Soboslai, 30. Salai, 48. Dibus, 60. Varga, 79. B. Tot, 85
Chetlatish: Sholloi, 52

Dublindagi o‘yinni Vengriya kuchli boshladi va 2-daqiqadayoq Staylsning uzatmasidan keyin Varga hisobni ochdi. 30 yoshli forvard joriy mavsumda konveyer rejimida gollarni shtamplamoqda, u «Ferensvarosh» safidagi 11 o‘yinda 10 ta gol urgan. Bir necha daqiqa o‘tib Varga ikkinchi gol urish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi, ammo Irlandiya baribir goldan qutulib qololmadi. Sholloi 15-daqiqada Soboslai burchakdan uzatgan to‘pni boshi bilan darvozaga joyladi.

Tabiiyki, mezbonlar taslim bo‘lish haqida o‘ylamadi va kurashni davom ettirishdi, faqat birinchi bo‘lim davomida ularning hujumlarini mehmonlar mudofaasi va darvozabon Dibusning reaksiyasi to‘xtatib turdi. Lekin ikkinchi bo‘lim boshida aynan darvozabon Fergyusonning hisobni qisqartiruvchi golida aybdorga aylandi, keyin esa Sholloining maydon markazidagi ehtiyotsizligi Vengriya bir kishi kam bo‘lib qolishiga olib keldi. Mehmonlar yashil libosli yigitlarning adoqsiz shturmlariga dosh berib turishdi, ammo arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Ida baribir Menningning uzatmasini golga aylantirdi. Bu jangovar durangdan keyin Portugaliya guruhning yaqqol peshqadamiga aylanib oldi.

9 sentabr. Armaniston — Irlandiya, Vengriya — Portugaliya.

K guruhi

Latviya – Serbiya 0:1
Gol:
Vlahovich, 12 (0:1)
Latviya: Zviyedris, Balodis, Yagodinskiy (Vapne, 46), Yurkovskis, Tsiganik, Yaunzems (Savalniyeks, 83), Savelev (Melnik, 46), Zelenkov, Varslavans, Gutkovskiy (Melnis, 76), Ikauniyeks (Shits, 46)
Serbiya: Petrovich, Milenkovich, Pavlovich, Velkovich, Lukich (Gudel, 68), Ilich (Terzich, 82), Katai (Samardjich, 46), Kostich (Mitrovich, 82), Jivkovich, Yovich (Maksimovich, 73), Vlahovich
Ogohlantirishlar: Savelev, 39 – Lukich, 54

Latviyada o‘tkazilgan o‘yin ancha zerikarli kechdi va mezbonlarning o‘yin oxiridagi hujumlariga dosh bergan serbiyaliklar (hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda ustun bolqonliklar joniga ora kirdi, yana bir vaziyatda himoyachi Milenkovich yaqin masofadan yo‘llangan zarbani to‘sib qoldi) minimal hisobdagi g‘alabani saqlab qolishdi. Dushan Vlahovichning goli serblarga uch ochko keltirdi va jamoaga guruhda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishga imkon berdi. Angliyaga yetib olish qiyin bo‘ladi, ammo guruhda ikkinchi o‘rinni saqlab qolgan holda o‘tish o‘yinlarida ishtirok etish — real imkoniyat. Qayd etish kerakki, serblar kvalifikatsiya bosqichida uchinchi o‘yindirki darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda. Latviya esa 4 o‘yinda faqat 4 ochko bilan kifoyalanib, 4-o‘rinda qoldi va o‘z vaziyatini og‘irlashtirdi.

Angliya – Andorra 2:0
Gollar:
Garsiya, 25 – avtogol (1:0). Rays, 67 (2:0)
Angliya: Pikford, Gehi (Konsa, 76), Bern, Lyuis-Skelli, Jyeyms (Livramento, 68), Rays (Gordon, 68), Anderson, Eze (Gibbs-Uayt, 78), Reshford (Rodjyers, 68), Madueke, Keyn
Andorra: Alvares, Llovera, Garsiya, Olivera, San Nikolas, Borra, Vales (Gilen, 59), Babot (Rebes, 90), Servos (Rubio, 90+1), Rodrigo (Gomes, 81), Fernandes (Lopes, 59)
Ogohlantirish: Bern, 90 – Babot, 6

To‘rt o‘yinda to‘rt g‘alaba – Angliya milliy jamoasi Tomas Tuxel boshqaruvida JCh-2026 saralashini ajoyib o‘tkazmoqda. Bu safar inglizlar Birminghem Andorrani qabul qilishdi, ammo faqat ikki gol bilan kifoyalanishdi. Birinchi bo‘limda Madueke jarima maydoniga uzatgan to‘pni mehmonlar futbolchisi o‘z darvozasiga kiritib yubordi, tanaffusdan keyin esa «Arsenal»ning yana bir futbolchisi Deklan Rays natija keltirdi. Umuman olganda, shu kuni jamoa boshlang‘ich tarkibida «kanonirlar»ning to‘rt futbolchisi o‘rin olgandi – gollarda ishtirok etgan futbolchilardan tashqari Skelli va va Eze ham maydonda edi. Terma jamoaga nomzod bo‘lgan yana ikki «kanonir» – Saka va Uayt esa jarohat tufayli yig‘inga jalb etilmagan. Tuxel shu sabab bilan Bellinghem va Palmer kabi asosiy tarkib futbolchilaridan ham foydalana olmayapti, shu bilan birga, uning o‘zi Aleksander-Arnoldni tarkibga chaqirmagan.

Inglizlar, xuddi serblar kabi hozircha saralash bosqichida gol o‘tkazmasdan davom etmoqda. Ammo Tuxel shogirdlari hozircha faqat Andorra (1:0, 2:0), Albaniya (2:0) va Latviya (3:0) kabi jamoalarga qarshi o‘ynagan. Keyingi turda serblarga qarshi o‘yinda jamoalardan birining (yoki ikkisining ham) seriyasiga barham berilishi ehtimoli yuqori.

9 sentabr. Albaniya — Latviya, Serbiya — Angliya.

H guruhi

Avstriya – Kipr 1:0
Gol:
Zabitser, 54 – penalti (1:0)
Avstriya: A. Shlager, Alaba (Danso, 69), Linhart, Mvene, Laymer, K. Shlager (Posh, 69), Zayvald, Zabitser, Vimmer (Shmid, 46), Baumgartner (Grillich, 90+5), Arnautovich (Gregorich, 46)
Kipr: Fabianu, Pileas, Siyelis, Shikkis, Loizu, Kastanos (Kusulos, 88), Xaralambus (Kakullis, 78), Tsionis (Kosti, 67), Artimatas (Kiriaku, 88), Laifis, Pittas (Sotiriu, 67)
Ogohlantirishlar: Posh, 75 – Pileas, 23. Loizu, 45. Siyelis, 53. Kosti, 90

Guruh autsayderiga qarshi o‘yin Avstriya uchun oson kechmadi. Ralf Rangnik boshqaruvidagi jamoa birinchi bo‘limda darvoza ustuni va darvozabon Aleksandr Shlagerning reaksiyasi evaziga gollardan saqlanib qoldi. Ammo tanaffusdan keyin avstriyaliklar o‘yinini kuchaytirdi va hujumlardan birida Baumgartner yiqitilganida arbitr videotakrordan keyin 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Zabitser penaltini aniq ijro etdi, keyin darvozabon yana bir bor mezbonlarni goldan qutqarib qoldi, keyin esa Linsdagi stadion gazonida katta teshik borligi aniqlandi.

Tuproq topish uchun 10 daqiqacha vaqt ketdi, keyin zaxira hakami chelakda tuproq tashib kelib, teshikni yopdi, bu jarayon esa o‘yin ritmini buzdi. Bu ko‘proq Avstriya foydasiga ishladi va jamoa minimal ustunlikni saqlab qoldi. Endi 9 sentabr kuni Avstriya Bosniya bilan o‘yinda guruh peshqadamligi uchun kurash olib boradi.

San-Marino – Bosniya va Gersegovina 0:6
Gollar:
Taxirovich, 21 (0:1). Djyeko, 70 (0:2). Djyeko, 72 (0:3). Bajdar, 81 (0:4). Alaybegovich, 85 (0:5). Muyakich, 90 (0:6)
San-Marino: Kolombo, Chevoli, Valentini (Pazolini, 84), Rikkardi, Fabbri, L. Kapikkoni (Mularoni, 74), Dzannoni (Valli Kazadei, 74), Golinuchchi, Berardi (Tozi, 62), Kontadini (G. Kapikkoni, 62), Nanni
Bosniya va Gersegovina: Vasil, Barishich, Radelich, Burnich (Muyakich, 74), Gazibegovich, Alaybegovich, Bashich, Taxirovich (Koshpo, 76), Demirovich (Memich, 62), Xayradinovich (Bayraktarevich, 46), Djyeko (Bajdar, 74)
Ogohlantirishlar: Kontadini, 4. L. Kapikkoni, 69 – Barishich, 54. Burnich, 68
Chetlatish: Golinuchchi, 16

Bosniya shusiz ham favorit edi, 17-daqiqada esa mehmonlar sardori Golinuchchining «so‘nggi umid foli» tufayli son jihatdan ustunlikka erishishdi. Bolqonliklar birinchi bo‘limda behisob vaziyatlarga ega bo‘lishganiga qaramay, Taxirovichning uzoq masofdan urgan birgina goli bilan cheklanishdi. Agar kichik ofsayd bo‘lmaganida, San-Marino penaltidan hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi. Autsayder jamoa kurashishda davom etdi, ammo 70-daqiqada Djyeko raqibni baribir taslim qildi. Shundan keyin mehmonlar darvozasiga gollar yog‘ilishi boshladi, xususan, 39 yoshli faxriy hujumchi dublni rasmiylashtirib, terma jamoa safidagi gollari sonini 70 taga yetkazib qo‘ydi. Bosniya to‘rt o‘yindan to‘rt g‘alabaga erishgan holda guruh jadvalini boshqarmoqda, ammo saralashning ikkinchi yarmi ancha qiyinroq kechadi – bosniyaliklarni avstriyaliklarga qarshi ikki og‘ir o‘yin kutmoqda.

9 sentabr. Bosniya — Avstriya, Kipr — Ruminiya.

Mavzuga oid