Jahon | 15:42 / 25.08.2025
4561
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoda shifoxonani bombaladi. Kamida 15 kishi, jumladan 4 jurnalist o‘ldirildi

Isroil armiyasi G‘azoda fuqaro mudofaasi xodimlari va jurnalistlar turgan joyni nishonga oldi, natijada kamida 15 kishi o‘ldirildi. Reuters, Al-Jazeera, Accosiated Press va NBC telekanali xodimlari ham voqea joyida halok bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, Isroil hujumlari oqibatida 2023 yildan buyon G‘azodagi genotsidni yoritayotgan kamida 244 nafar OAV xodimi halok bo‘lgan.

Fotokollaj: Al-Jazeera

25 avgust kuni G‘azodagi Nasser shifoxonasiga qilingan Isroil hujumlari kamida 15 kishini, jumladan to‘rt nafar jurnalistni o‘ldirdi. Ulardan biri Reuters uchun ishlagan, deya xabar berdi nashrning o‘zi Falastin sog‘liqni saqlash rasmiysiga tayanib.

Rasmiylarning aytishicha, Reuters bilan shartnoma asosida ishlagan operator Hussam al-Masri birinchi zarbada halok bo‘lgan.

Foto: REUTERS

Reutersʼning yana bir shartnoma asosida ishlagan fotomuxbiri Hotam Halid esa ikkinchi zarbada yaralangan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi zarba qutqaruvchilar, jurnalistlar va boshqa odamlar birinchi hujum sodir bo‘lgan joyga yetib borganidan keyin amalga oshirilgan. Reuters kadrlariga ko‘ra, shifoxonadan olib borayotgan jonli efir birinchi zarba chog‘ida birdan to‘xtagan.

Al-Jazeera nashrining yozishicha, bu Isroil armiyasi tomonidan Nasser shifoxonasini nishonga olishi birinchi marta emas, shuningdek, jurnalistning o‘ldirilishi ham birinchi marta emas.

Foto: Anadolu

«Falastinlik jurnalistlar har hafta o‘z hamkasblarini yo‘qotib, ularni motam tutmoqda. Biz faqat so‘nggi bir necha hafta ichida to‘rt nafar hamkasbimizni yo‘qotdik va falastinliklar bugun yana jurnalistlarni motam qilmoqda, qayg‘u chekmoqda. Ko‘plab hamkasblarim hozir voqea haqida xabar bermoqda, xuddi men kabi bu hujum haqida axborot tarqatmoqda. Va ilk bor bizda so‘z tugadi — hamkasblarimiz efir davomida o‘ldirildi», deb yozmoqda nashr muxbiri.

G‘azo hukumati Media idorasiga ko‘ra, Nasser shifoxonasiga qilingan Isroil hujumida halok bo‘lgan to‘rt nafar jurnalistlar quyidagilar:

  • Hussam al-Masri – Reuters axborot agentligi fotomuxbiri;
  • Muhammad Salama – Al-Jazeera fotomuxbiri;
  • Maryam Abu Daqa – bir nechta OAV, jumladan The Independent Arabic va Accosiated Press bilan ishlagan jurnalist;
  • Muaz Abu Taha – NBC telekanali jurnalisti.

Doha institutida media tadqiqotlari professori Muhammad al-Masriy Isroilning jurnalistlarga qarshi navbatdagi o‘limli hujumidan hayratda qolganini bildirdi:

«Isroil urush boshlanganidan beri jurnalistika va jurnalistlarga qarshi urush olib bormoqda, Ular buni yashirmayapti. Juda ochiqchasiga qilmoqda. Lekin menda bir savol bor: xalqaro jurnalistlar qayerda? The New York Times qayerda? CNN qayerda? Yirik g‘arbiy ommaviy axborot vositalari qayerda», deydi Masriy.

Al-Jazeera muxbiri Hind Hudariyning xabar berishicha, Isroil kuchlari uchirgan kamikadze dron Nasser shifoxonasining tomiga kelib tushgan va kamida bir jurnalist o‘ldirilgan.

«Shundan keyin fuqaro mudofaasi jamoalari yuqoriga chiqib, jasadni olib tushmoqchi va yaradorlarni qutqarishga urinayotgan edi. So‘ng jurnalistlar ham voqeani hujjatlashtirish uchun chiqqanida, Isroil kuchlari yana o‘sha joyni nishonga oldi. Bu ikkinchi zarba xuddi o‘sha joyga qilindi va bu efirda hujjatlashtirildi», deydi u.

Natijada, voqeani yoritayotgan jurnalistlar o‘ldirildi va yaralandi. Shuningdek, halok bo‘lganlarning jasadlarini olib chiqishga uringan fuqaro mudofaasi xodimlari ham o‘ldirildi.

Foto: Anadolu

G‘azo Media idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabrda urush boshlanganidan beri Isroilning hujumlari oqibatida G‘azoda kamida 244 nafar jurnalist va OAV xodimlari halok bo‘lgan.

Isroil armiyasi ham, bosh vazir devoni ham zarbalar yuzasidan izoh bermagan.

Mavzuga oid