Jamiyat | 10:16 / 16.09.2024
8863
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona pedagogika mahorat markazida xonalardan birida yashirin kamera aniqlandi. Uni o‘rnatgan o‘qituvchi uzr so‘radi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ushbu xona ayollar xonasi ekanligi aytiladi. Biroq Farg‘ona viloyati IIBning aniqlashicha, u dars mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan auditoriya bo‘lgan. Holat yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Foto: IIB

Farg‘ona pedagogika mahorat markazidagi xonalardan birida yashirin kamera aniqlandi. U xonadagi shkaf ustida turgan, qo‘l mehnati bilan yasalgan kichik uycha ichiga o‘rnatilgan bo‘lgan.

Kamerani mahorat markaziga malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilar topib olgan. Ular holatni video tasvirga olib, yashirin kamera o‘rnatilganidan norozi bo‘lishgan hamda xonada ayrim ayol-qizlar usti-boshini ham almashtirganini aytishgan.

Holat Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganish jarayonida ushbu xona ayollar xonasi emas, dars mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan auditoriya ekanligi, kamerani markaz o‘qituvchilaridan biri o‘rnatib qo‘yganligi aniqlangan. 

“Aynan o‘sha auditoriyaning kamerasi ishlamay qolganligi sababli qo‘yilgan edi. U o‘quv xonasi bo‘lgan. Bizning kafedraning 6 ta auditoriyasi bor. Markazimizda hech qanday yechinib-kiyinish xonasi ham, yotoqxona ham mavjud emas.

Bizning bitta xatoyimiz kamerani ochiq o‘rnatmaganimiz. Men bu darajada shov-shuv bo‘lib ketadi deb o‘ylamagandim. Albatta, bu kamchiligimizni to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Afsusdaman, uzr so‘rayman. Maqsadim shu dars jarayoni haqida ma’lumotga ega bo‘lish edi”, degan kamerani o‘rnatib qo‘ygan o‘qituvchi.

Holat yuzasidan markaz ham rasmiy munosabat bildirdi. Unda keltirilishicha, holat tegishli tartibda hududiy markaz mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

“Joriy yilning 12 sentabr kuni hududiy markazga kelgan tinglovchilar 34-auditoriyada targ‘ibot vositasi sifatida qo‘yilgan o‘qituvchilar qo‘l mehnati bilan yaratilgan kichik uychani ko‘zdan kechirishayotganda uning ichida kichik kamera tasvirga olayotganining guvohi bo‘lishgan. Voqelikdan markaz mutasaddilarini ogohlantirishgan.

Shu kuni ma’muriyat tomonidan mazkur kamera nima maqsadda qo‘yilgani mavhum bo‘lgani uchun huquq-tartibot idoralariga holatga oydinlik kiritishga yordam berishlarini so‘rab murojaat qilingan”, deyiladi markaz rasmiy munosabatida.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan. Qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Bir yil oldin Qo‘qon davlat pedagogika institutida talabalar yotoqxonasida yashirin kamera o‘rnatilgani aniqlangan edi. O‘shanda vaziyat sudgacha borib, oliygohning bir nechta mas’ullariga jarima jazosi qo‘llangandi.

Mavzuga oid