O‘zbekiston | 13:57 / 07.10.2025
14929
3 daqiqa o‘qiladi

Furqat tuman IIBning sobiq mansabdorlariga oid jinoyat ishi Quva tuman sudida ko‘rilayotgani ma’lum bo‘ldi

​​​​​​​Oliy sud axborotiga ko‘ra, Furqat tumani IIBning sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulov ayblovida qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish jinoyati ham bor. Farg‘ona viloyati IIB fuqarolardan sud hukmi e’lon qilinmasdan turib noo‘rin xulosa chiqarmaslikni so‘radi.

Farg‘ona viloyatida 34 yoshli Gulira’no Qosimovaning IIB xodimlari tomonidan kaltaklanib, yalang‘och holda tasvirga olinishi va tahqirlanishi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi JIB Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Furqat tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan 39 yoshli Akmal Xo‘jayev hamda uning birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan 34 yoshli Jasur Rasulovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Tergov organining xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-2-moddasi (tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi va 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud jarayoni yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.

Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB ham rasmiy munosabat bildirdi.

“Holat bo‘yicha hali tergov va sud jarayonlari yakunlanmasdan turib, to‘liq asoslanmagan ma’lumotlarni ommaga taqdim etish ortidan fuqarolar orasida shov-shuv uyg‘ondi. Shu munosabat bilan fuqarolarimizdan keltirilgan vajlar hali tasdiqlanmasdan, sud hukmi e’lon qilinmasdan turib, noo‘rin xulosa chiqarmaslikni so‘raymiz”, deyiladi boshqarma munosabatida.

Idora axborot xizmati asosli materiallar tergov va sud organlariga taqdim etilganini, yakuniga ko‘ra xolis munosabat bildirilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ham javobgarlik borligini eslatib o‘tgan.

Avvalroq mazkur ish Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingani, Ombudsman esa holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanishini so‘ragani xabar qilingandi.

Mavzuga oid