Jamiyat | 18:32 / 22.09.2021
12752
2 daqiqa o‘qiladi

“Ustuvor vazifam - talabalarga tarbiya soatini o‘tadiganlar emas, yetuk mutaxassislar dars berishini ta'minlash” – Alisher Qodirov

20 sentyabrdan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga rasman start berildi. “Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov o‘z saylovoldi targ‘ibot ishlarini Samarqand va Jizzax viloyatlaridan boshladi.

Qodirov 22 sentabr kuni jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda o‘z saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan ta'lim-tarbiya sifatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish uchun amalga oshiriladigan islohotlar haqida gapirdi. Nomzod xususiy ta'limni rivojlantirish fondini tashkil etish haqida taklif berdi.

“Maktab sharoitlarini zo‘r qilib qo‘yganimiz bilan, o‘qituvchilarni rozi qilolmasak ko‘zlagan natijaga erisholmaymiz. Kelajak ta'limdagi xatolarni kechirmaydi.

Nomzod sifatidagi eng ustuvor vazifam – bog‘chada tarbiyachilar, maktabda o‘qituvchilarning yangi avlodini yaratish. Oliygohlarda talabalarga tarbiya soatini o‘tadiganlar emas, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari dars berishini ta'minlashdir”, dedi Alisher Qodirov.

U kelgusida pedagoglarni tayyorlash tizimini va oliygohlarini tubdan o‘zgartirishni, o‘qituvchilarni pedagogik qobiliyatlarini ham baholash lozimligini aytdi.

“Pedagoglar bu xuddi chegaralarni qo‘riqlayotgan askarlarga o‘xshaydi. Askar chegarani tashqi dushmanlardan qo‘riqlasa, pedagog bolalarimiz ongini buzg‘unchi g‘oyalardan qo‘riqlaydi. Nima uchun askarni ming chig‘iriqdan o‘tkazib tanlaymiz-u, pedagog bo‘lmoqchi bo‘lganlarni past ball olsa ham o‘qishga qabul qilaveramiz? Nima uchun pedagogik qobiliyati bo‘lmaganlarga farzandlarimiz kelajagini topshirishimiz kerak?” dedi u.

Nomzodning ishonchli vakillaridan biri dasturda belgilangan eng muhim yangiliklardan biri – pedagog xodimlarga 50 yoshdan pensiyaga chiqish huquqining berilishi ekanligini ma'lum qildi.

Mavzuga oid