Jahon | 16:33 / 29.12.2025
5135
7 daqiqa o‘qiladi

Eyforiyadan ommaviy sotuvlargacha. Bitcoin bilan nimalar bo‘lyapti?

Yil oxiriga kelib Bitcoin keskin arzonlashdi. Xususan, oktyabr boshida kriptoaktiv narxi 126 ming dollardan oshgan bo‘lsa, dekabrga kelib 84 ming dollargacha pasaydi. Bunga qaysi omillar ta’sir ko‘rsatdi? Yaqin istiqbolda Bitcoin bilan nimalar yuz berishi mumkin? 

Foto: Bloomberg

TRT eng mashhur kriptovaluta bilan oxirgi oylarda yuz bergan vaziyatni tahlil qildi.

Rekorddan minimumlargacha

Raqamli valutalar bejizga eng xatari yuqori aktivlar qatoriga kiritilmaydi. Bunga uzoqdan misol izlash shart emas. Oktyabr boshida Bitcoin narxi 126 ming dollardan oshgan bo‘lsa, dekabrga kelib kriptovaluta 85 ming dollardan arzonlashdi.

«2025 yil oxiridagi Bitcoin bahosining pasayishi keskin o‘sishdan keyingi texnik tuzatishga o‘xshaydi. Bu ushbu aktiv uchun xos bo‘lgan odatiy dinamikaga mos keladi. Shu bilan birga, yakunlanayotgan yil davomida Bitcoin faqatgina 4-9 foizga arzonlashdi. Yanvar boshida kriptovaluta qariyb 93 ming dollar atrofida sotilayotgandi», deya holatni izohlagan AMarkets tahlilchisi Igor Rastorguyev.

Biroq joriy holat faqat korreksiya bilan cheklanib qolmadi. Odatda barcha aktivlar bitta sabab tufayli arzonlaydi – sotuvchilar entuziazmi xaridorlarnikidan kuchliroq bo‘lib chiqadi. Bu yerda bitta savol bor: bunday fon qanday shakllandi?

«So‘nggi paytlarda Bitcoin’ning global likvidlik bilan bevosita bog‘liqligi tobora aniqroq ko‘rinyapti. Oddiy qilib aytganda, bu tizimdagi pul miqdori bilan bog‘liq. Global likvidlik kengaygan davrlarda Bitcoin gullab-yashnaydi, qisqargan paytlarda esa turg‘unlashadi», - deya tushuntiradi White Birds birja savdosi bo‘limi rahbari o‘rinbosari Yan Pinchuk.

Avgust o‘rtalaridan boshlab esa global likvidlik qisqara boshladi. Bundan tashqari, AQSh Federal zaxira tizimining (FZT) qat’iy pul-kredit siyosati ham Bitcoin’ga qarshi ishladi. Shu sababli regulyator rahbari Jyerom Pauel Donald Trampning noroziligiga uchradi. AQSh prezidenti uni foiz stavkalarini sekin pasaytirayotgani uchun bir necha bor tanqid qildi.

Investorlar zararni hisoblashni boshladi

 Noyabr oyi o‘rtalarida investorlar ommaviy ravishda xatarli aktivlardan «tinch bandargoh»ga — qimmatbaho metallar, yuqori kredit reytingiga ega davlat obligatsiyalari va shunga o‘xshash vositalarga o‘ta boshladi. Biroq keyin vaziyat o‘zgara boshladi. FZT vakillari dekabr oyida stavka pasaytirilishi mumkinligi haqida signal berdi. Bunga AQSh mehnat bozori bo‘yicha ma’lumotlarning yomonlashgani sabab bo‘ldi. Pauel ta’kidlaganidek, pul-kredit siyosati yumshatilgach, ishsizlik kamayishi kerak. Ammo inflatsiya aksincha tezlashadi.

Bu Bitcoin’ga ma’lum darajada tayanch bo‘ldi va narxning 90–94 ming dollar oralig‘ida tiklanishiga yordam berdi. Ammo ko‘tarilish uzoq davom etmadi. Investorlar Bitcoin sotib olishni vaqtincha to‘xtata boshladi. Masalan, dunyodagi eng yirik korporativ Bitcoin egasi — Maykl Seylorning Strategy Inc kompaniyasi shunday yo‘l tutdi.

Kompaniya 21 dekabrgacha bo‘lgan bir hafta ichida 748 million dollar jalb qilganini, ammo Bitcoin sotib olmaganini ma’lum qildi. Avvalroq esa taxminan 2 milliard dollarga «tangalar» xarid qilib, umumiy zaxirasini 671 268 Bitcoin’ga yetkazgandi. Bundan tashqari, Strategy Inc naqd pul zaxiralarini ham oshirdi. Ehtimol, kompaniya kriptovalutalar narxining arzonlashishiga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Raqamli valutalar hanuz eng xatari yuqori aktivlar qatorida qolyapti. Masalan, Bitcoin’ga faol sarmoya kiritgan Britaniya kompaniyalari sezilarli zarar ko‘rgan. Kriptovaluta kursining keskin tushishi sababli yakunlanayotgan yilda ularning yo‘qotishlari qariyb 80 million funt sterlingni tashkil etdi, deya xabar berdi Telegraph nashri.

Coinglass ma’lumotlariga ko‘ra, Bitcoin so‘nggi yetti yil ichidagi eng zararli yil yakuniga yaqin turibdi. Eng mashhur kriptovalutaning to‘rtinchi chorak (to‘liq bo‘lmagan) daromadliligi minus 22,71 foizni tashkil qilyapti. Faqatgina 2018 yilda zarar kattaroq bo‘lgan — minus 42 foiz.

Kriptobozordan ommaviy chiqib ketish boshlanishi mumkinmi?

Xatarli aktivlar kursi haqida gap ketganda nimanidir prognoz qilish ikki baravar qiyin. Shu sababli ekspertlarning fikrlari ham turlicha. Masalan, Srypto Quant kompaniyasi vakillari Bitcoin narxi pasayishini kutyapti. Tahlilchilarning bahosiga ko‘ra, talabning susayishi fonida kriptovaluta bozori «ayiq» trendi bosqichiga o‘tgan. Srypto Quant yaqin uch–olti oy ichida Bitcoin 70 ming dollargacha tushishini istisno etmayapti. Agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, keyinchalik kurs hatto 56 ming dollargacha qulash ehtimoli ham bor.

Hamma ham pessimist emas. Ayrim tahlilchilar yilning birinchi yarmida narx 120–170 ming dollar oralig‘ida bo‘lishini kutyapti. «Asosiy omillar — FZTning foiz stavkalari bo‘yicha siyosati va ETF orqali institutsional qabul qilinishning davom etishi bilan bog‘liq. Ushbu segmentga yana 50–100 milliard dollar oqimi kutilyapti», - deydi Igor Rastorguyev.

2026 yilda Bitcoin’ni nimalar qo‘llab-quvvatlashi mumkin?

Global likvidlikni kengaytirish sikli o‘z cho‘qqisiga yaqinlashgan bo‘lish ehtimoli yuqori. Bu omil Bitcoin narxiga bosim o‘tkazishda davom etadi, deydi Yan Pinchuk.

Ekspertning ta’kidlashicha, boshqa tomondan 2026 yilda xatarli aktivlar uchun ijobiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan qator voqealar kutilyapti.

Birinchidan, FZTning yangi rahbari kim bo‘lishi ma’lum bo‘ladi. Jyerom Pauelning vakolat muddati may oyida yakunlanadi.

«Donald Trampning pozitsiyasini hisobga olsak, foiz stavkalarini yanada agressiv pasaytirishni qo‘llab-quvvatlaydigan nomzod tayinlanishi mumkin. Mehnat bozori zaiflashib borayotgani fonida 2026 yil davomida stavkaning taxminan 100 bazaviy punktga pasaytirilish ehtimoli bor. Bu esa Bitcoin uchun ijobiy omil», - deydi Yan Pinchuk.

Bundan tashqari, noyabr oyida Kongressga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tadi. Hozir bu yerda ko‘pchilik o‘rinlarni respublikachilar egallab turibdi. Saylovlar yaqinlashgan sari partiya Kongressdagi nazoratni saqlab qolish uchun iqtisodiy rag‘batlantirishni kuchaytirishi kutilyapti. Bu ham xatarli aktivlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid