Jahon | 20:21 / 17.05.2020
35298
7 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya fonida jiddiylashgan va e'tibor qaratilmayotgan 5ta global muammo

Pandemiya keltirib chiqargan inqiroz oqibatlari kutilganidan ham jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Endi olimlar va gumanitariylarni faqat iqtisodiy xarajatlar emas, balki undan-da kattaroq muammolar ham o‘ylantirmoqda.

Foto: REUTERS/Navesh Chitrakar

Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan boshqa muammolarning pandemiya davrida kutilmagan tarzda dolzarblashib borayotgani xavotirlarni oshirmoqda.

Jahon iqtisodiy forumi siyosatchilar e'tiboridan chetda qolayotgan beshta tahdidni sanab o‘tdi.

1. Ochlik va to‘yib ovqat yemaslik foizi oshmoqda

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tashkiloti – FAO tomonidan ma'lum qilinishicha, COVID-19 zaif jamiyatlarni inqiroz ichra inqirozga mahkum etmoqda.

Dunyo bo‘ylab iqtisodiy tushkunlikning hukmron bo‘lishi va ishsizlik ko‘rsatkichining oshishi aholi xarid quvvatining pasayishiga sabab bo‘lyapti. Bundan tashqari, bu omillar global ochlik muammosini jiddiylashtirib yuboryapti.

«Mamlakatlar oziq-ovqat ta'minoti zanjiriga e'tiborli bo‘lishlari, o‘z navbatida hududiy, mahalliy va xalqaro tarzda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat yetib kelishini ham ta'minlashlari lozim.

Ochlikka chap berish har bir iqtisodiy stimulning markazida turishi kerak», – deya qayd etadi FAO.

Xalqaro oziq-ovqat inqirozi bo‘yicha 2020 yil hisbotida aytilishicha, hozir 55ta davlatda oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanmagan. Ularda yashaydigan odamlar insonparvarlik yordami sifatida yuboriladigan oziq-ovqat va vitaminlarga muhtoj.

Bu davlatlar hukumatlari oldida 2ta o‘ta og‘riqli tanlov paydo bo‘lmoqda: yo odamlarning tirikchiligini asrab qolish yoki ularni koronavirusdan saqlash orqali ochlikdan o‘lishga hukm qilish.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ochlikning yuqori darajasi bilan kurashayotgan va to‘yib ovqat yemaydiganlar soni yana oshishi mumkinligini aytmoqda.

«Koronavirus tufayli murakkab o‘zgarishlar ko‘p bo‘lishi, pandemiya ko‘p oila va jamiyatlarni chuqur inqirozda qoldirishi mumkin», – deydi Guterrish.

2. Iqlim muammosi

Iqlim o‘zgarishlari muammolari 2020 yilda biznes va siyosiy doiralar e'tibor qaratadigan masalalarning asosiysi bo‘lishi kutilayotgan edi. Sayyoramizni asrash 2020 yilda Davosda o‘tkazilgan Jahon iqtisodiy forumida ham muhokamadagi asosiy mavzulardan biri bo‘lgan edi.

Biroq o‘shandan beri iqlim bilan bog‘liq muammolar siyosatchilar tomonidan ikkinchi darajali masala sifatida qoldirilmoqda. Sabab esa pandemiya.

Iqlim muammosi unga e'tibor qaratilmagani yoki boshqa yirikroq muammolar ko‘proq muhokama bo‘layotgani bilan chekinib qolmaydi. Isbot sifatida esa 2019 yil tarixdagi ikkinchi eng issiq yil bo‘lganini keltirish kifoya.

Ayrimlar karantin cheklovlari tufayli ifloslanish darajasi va issiqxona gazlarining qisqarishi iqlim muammolarini hal qilishda nimalarga erishish mumkinligini ko‘rsatib berdi, deb hisoblayotgan bo‘lsa, ba'zilar tabiat himoyasi uchun aniq rejalarning amalga oshirilishi bir necha yillarga ortga surildi, degan fikrda.

Karantin tufayli Nyu-Yorkda karbonad angidrid gazi ajralib chiqishi mart oyida odatiy ko‘rsatkichning yarmiga qisqargan bo‘lsa, Xitoyda dastlabki karantin cheklovlari ifloslanish darajasini 25 foizga kamaytirdi.

3. Norasmiy iqtisodiyotda band aholi eng ko‘p zarar ko‘rmoqda

Xalqaro valuta jamg‘armasi tahlillariga ko‘ra, 2019 yilda 2,9 foizga o‘sgan jahon iqtisodiyoti 2020 yilda 3 foizga qisqarishi mumkin.

Bundan tashqari, XVJ ishsizlik darajasi 2019 yildagi 3,7 foizdan 9,2 foizga chiqishini taxmin qilmoqda.

Hatto rivojlangan davlatlarda ham ishsizlik 6,6 foizdan 9,2 foizga ko‘tarilishi kutilyapti.

Xalqaro mehnat tashkilotining qayd etishicha, norasmiy iqtisodda band bo‘lgan aholi qatlami rasmiy sektordagi ishchilardan ko‘proq zarar ko‘radi. Dunyo bo‘ylab norasmiy sektorda band aholi 2 milliarddan ko‘proqni tashkil qiladi.

«Ularning aksarida tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati chegaralangan, karantin davrida yoki kasallik holatida sug‘urta uchun oladigan mablag‘lari ham yo‘q. Norasmiy iqtisodda ishlaydigan ko‘pchilik uchun uyda qolish ishsiz qolish deganidir. Chunki bunday odamlarning aksarida masofadan ishlash imkoni yo‘q, oqibatda daromadsiz va yeguliksiz qolishlari mumkin», – deya ma'lum qilmoqda Xalqaro mehnat tashkiloti.

XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab norasmiy iqtisodiyotda band bo‘lgan millionlab kishilarning daromadlari karantinning birinchi oyida 60 foizga qisqargan.

4. Emlash tadbirlarining kechiktirilishi o‘limlarni oshiradi

Ayrim mamlakatlarda qizamiq va poliomiyelitga qarshi emlash tadbirlari virus tarqalishi xavfi sababli kechiktirilmoqda.

JSST mart oyi oxirida emlash ishlarini davom ettirish uchun ko‘rsatmalar e'lon qilib, ommaviy emlash tadbirlarini vaqtincha to‘xtatib turishni tavsiya qildi. Shu bilan birga, tashkilot tibbiyot xodimlari xavfsizligini ta'minlash va odamlarni ehtimoliy kasalliklardan asrash o‘rtasida balansni ushlab qolish qiyinligini ta'kidlagan.

London Gigiyena va tropik tibbiyot universiteti olimlarining izlanishlari Afrikada immunologiya bilan bog‘liq tadbirlar to‘xtab qolmasligi kerakligini ko‘rsatmoqda. Tahlillarga ko‘ra, emlash tadbirlari vaqtida koronavirus yuqtirib olinishi natijasida yuzaga keladigan bitta o‘lim holatiga, emlash orqali kelajakda hayoti saqlab qolinadigan 29 nafardan 347 nafargacha bola to‘g‘ri keladi.

«Agar vaksinatsiya to‘xtab qolsa, kelgusida qizamiq, sariq bezgak, ko‘kyo‘tal, meningit, pnevmoniya va diareya sababli ro‘y beradigan o‘lim holatlari oshishi mumkin», – deyishmoqda London universiteti olimlari.

5. Rejalashtirilmagan homiladorlik holatlari

BMT oilalarda rejalashtirish bo‘yicha muammolar, shuningdek, karantin va tibbiyotda kuzatilayotgan yetishmovchiliklar tufayli kelgusi oylarda 7 million rejalashtirilmagan homiladorlik holatlari kuzatilishini taxmin qilmoqda.

Tegishli muassasalar yopilmoqda, ayollar esa virus yuqtirib olishdan qo‘rqib ko‘riklarni o‘tkazib yubormoqda. Bundan tashqari, tovarlar ta'minoti zanjirlaridagi uzilishlar sabab kontratsepsiya vositalari taqchilligi ham yuzaga kelmoqda.

Nafaqat rejalashtirilmagan homiladorlik holatlari, balki xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik, jinsiy jinoyatlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi nikohlar ham ko‘payishi mumkin.

«Yangi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, COVID-19 pandemiyasi global miqyosda ayollar va qizlarga falokatli ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Pandemiya tengsizlikni kuchaytirmoqda», – deydi BMT Aholi fondi ijrochi direktori doktor Nataliya Kanem.

Mavzuga oid