Jahon | 15:21 / 07.04.2026
2344
8 daqiqa o‘qiladi

Tahdidlarni davom ettirayotgan Tramp, yerdan eng ko‘p uzoqlashgan astronavtlar va kelishuvni rad etgan Eron – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Trampning tahdidlari davom etmoqda

Yaqin Sharqdagi urush davom etmoqda: seshanba kuni Eron va Isroil o‘zaro zarbalar almashdi; Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni va AQSh prezidenti Donald Trampning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qat’iyan rad etdi.

Rejadan xabardor manbaga ko‘ra, Eron Pokiston vositachiligidagi AQSh taklifini rad etgan. Ushbu taklif zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, bo‘g‘ozning amaldagi blokadasini bekor qilish va shundan so‘ng 15-20 kun ichida keng ko‘lamli tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni ko‘zda tutgandi.

IRNA rasmiy axborot agentligi xabar berishicha, Eronning javobi 10 ta banddan iborat bo‘lib, ular mintaqadagi mojarolarga barham berish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tish protokoli, sanksiyalarni bekor qilish va qayta tiklash ishlarini o‘z ichiga oladi.

Dushanba kuni Tramp: «Butun mamlakat bir kechada yo‘q qilinishi mumkin va o‘sha tun ertaga bo‘lishi ehtimoldan xoli emas», dedi. U agar Tehron belgilangan muddatgacha rozi bo‘lmasa, Eron infratuzilmalarini yo‘q qilishga va’da berdi.

Trampning aytishicha, kelishuvga erishilmasa — chorshanba kuni yarim tungacha «Erondagi har bir ko‘prik yakson qilinadi» va «Erondagi har bir elektr stansiyasi ishdan chiqadi, yonadi, portlaydi va boshqa hech qachon foydalanilmaydi».

Diplomatik aytishuvlardan tashqari, real janglar ham to‘xtamayapti. Seshanba kuni erta tongda Isroil harbiylari Tehron va boshqa hududlardagi Eron hukumati infratuzilmasini nishonga oldi.

Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligi o‘zining sharqiy mintaqasiga yo‘naltirilgan ballistik raketalarni tutib qolganini, parchalari energetika obektlari yaqiniga tushganini bildirdi.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, urush boshlaganidan beri Saudiya Arabistoni Eronning yuzlab raketa va dronlari hujumiga uchradi, ularning aksariyati tutib qolingan.

Seshanba kuni neft narxi bir barrel uchun 110 dollarga ko‘tarildi. Chunki Tramp belgilagan muddat yaqinlashmoqda va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilish istiqbollari deyarli ko‘rinmayapti. Bu Tehron uchun kuchli muzokara vositasi bo‘lib chiqdi va ular buni qo‘ldan boy bermoqchi emas.

Oy missiyasi davom etmoqda

Artemis II missiyasining to‘rt nafar astronavti dushanba kuni koinotning har qachongidan ko‘ra chuqurroq nuqtasiga kirib bordi. Ular oyning qorong‘i, orqa tomoni uzra kamdan kam bo‘ladigan parvozni amalga oshirib, kosmik bombardimon ostida qolgan oy yuzasini kuzatdi.

Oy o‘z o‘qi atrofida — Yer atrofida aylanishi bilan bir xil tezlikda aylangani sababli, uning orqa tomoni doimo sayyoramizga teskari qaragan bo‘ladi. Shu bois oyning bu yuzasini hozircha faqat Artemis hamda Apollo astronavtlari bevosita ko‘ra olgan.

NASA koinot markazida yigirmadan ortiq olimlar Artemis ekipaji guvoh bo‘lgan oy hodisalarini real vaqt rejimida qayd etib borishdi. Bu vaqtda ularning «Orion» kemasi oy yuzasiga 6,5 ming km yaqinlashib, uning atrofida suzib yurgandi.

Dushanba kungi parvoz paytida kema oy orqasiga o‘tganida, ekipaj 40 daqiqa davomida zulmatda va aloqa uzilgan holatda qoldi. Chunki oy NASAʼning «Chuqur koinot tarmog‘i» — ekipaj bilan gaplashish uchun foydalanadigan ulkan radioaloqa antennalari o‘rtasini to‘sib qo‘ygandi.

Shuningdek, astronavtlar bir necha soat o‘tgach, Yerdan qariyb 407 ming km masofaga uzoqlashib, insoniyat tarixida koinotga eng chuqur kirib borgan insonlar sifatida tarixga kirdi.

G‘azoda to‘qnashuvlar davom etmoqda

6 aprel kuni Isroil havo hujumi natijasida ko‘chirilgan falastinliklar boshpana topgan maktab binosi yaqinida kamida 10 kishi halok bo‘ldi va bir necha kishini yaralandi. Bu voqea AQSh tuzgan G‘azodagi sulhga soya solgan navbatdagi zo‘ravonlik bo‘ldi.

Reutersʼning yozishicha, zarbalardan avval, falastinliklar Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruh a’zolari bilan to‘qnashgan. Ushbu guruh ba’zi odamlarni o‘g‘irlab ketish maqsadida maktabga hujum qilgan.

To‘qnashuvlar paytida Isroil dronlari hududga ikkita raketa uchirdi, natijada kamida 10 kishi halok bo‘ldi.

Guvoh Ahmad al-Mag‘oziyning aytishicha, hududga Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruh a’zolari hujum qilib, o‘t ochgan. «Aholi o‘z uylarini himoya qilishga urindi, biroq bosqinchi kuchlar ularni bevosita nishonga oldi», dedi u Reuters agentligiga.

Keyinroq Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlardan birining rahbari Hamasning besh nafar a’zosi o‘ldirilganini aytdi. Hamas bu borada izoh bermadi.

Avvalroq G‘azo shahrida Isroilning havo hujumlari yana ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgani aytilgan edi.

2007 yildan beri G‘azoni rasman boshqarib kelayotgan Hamas guruhi va Isroil oktyabr oyida boshlangan sulhning buzilishi bo‘yicha bir-birlarini ayblab kelmoqda.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish boshlanganidan beri Isroil o‘qi kamida 700 kishini o‘ldirgan. Isroil esa xuddi shu davr mobaynida G‘azoda to‘rt nafar askari o‘ldirilganini aytmoqda.

Rossiya–Ukraina urushi ham davom etmoqda

Dushanba kuni ertalab Ukrainaning janubiy port shahri Odessaga Rossiyaning dron hujumlari oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi va yana 15 kishi yaralandi. «Turar joy binolari, o‘ta muhim infratuzilma va ma’muriy binolar zarbaga uchradi. Qutqaruv ishlari davom etmoqda; vayronalar ostida hali ham odamlar bo‘lishi mumkin», dedi viloyat gubernatori.

Ukraina havo mudofaa kuchlariga ko‘ra, Rossiyaning so‘nggi havo hujumida 141 ta dron ishtirok etgan, ulardan 114 tasi urib tushirilgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dushanba kuni mamlakat hamkorlari «dronlar va raketalarni tutib olish ko‘rsatkichi o‘sishi uchun havo mudofaasini birgalikda kuchaytirish kerakligini» aytdi.

Ukraina esa Rossiyaning neft eksport obektlariga zarba berishda davom etmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad — Erondagi urush tufayli Rossiya neftidan ko‘rilayotgan foydani kamaytirish.

Xususan, dam olish kunlarida Rossiyaning Primorsk, Nijniy Novgorod va Novorossiysk portidagi neft obektlariga Ukraina dronlari zarba berdi. Ukraina qurolli kuchlari Novorossiyskda Rossiya harbiy kemasiga ham zarba berganini da’vo qildi. Rossiyalik harbiy blogerlar neft eksporti va energetika infratuzilmasiga yetkazilgan zararni ta’mirlash «qimmatga tushishi va ko‘p vaqt talab qilishini» aytgan.

Shu bilan birga, sharqiy front chizig‘ida Ukraina bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy uning kuchlari yanvar oyi oxiridan beri 480 kvadrat kilometr hududni ozod qilganini da’vo qildi. Shunga qaramay, Rossiya qo‘shinlari Dnepropetrovsk viloyatida bufer zona yaratishga urinishlarini davom ettirmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid