O‘zbekiston | 15:25 / 20.05.2024
6174
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyaning Petronas kompaniyasi O‘zbekiston gaz sanoatiga qaytadi

Malayziyaning Petronas kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga qaytadi va gazni qayta ishlash bo‘yicha ikkita yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etadi. Ushbu kompaniya 2014 yilda O‘zbekistondagi vakolatxonasini yopib, mamlakatdan chiqib ketgandi.

Foto: AP

O‘zbekiston Malayziyaning Petroliam Nasional Bhd (Petronas) kompaniyasi bilan hamkorlikda gazni qayta ishlash bo‘yicha ikkita yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtiryapti. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Malayziyaning neft va kimyo sohasidagi eng katta Petronas kompaniyasi bilan ikkita yirik loyihani amalga oshirishga kelishib oldik. Birinchisi MTO texnologiyasi asosida gazni chuqur qayta ishlab, undan polimer ishlab chiqarish loyihasi bo‘ladi. Ikkinchisi gazdan “yashil” ammiak ishlab chiqarish loyihasi. Hozirda Yevropa, AQSh kabi davlatlarda yashil o‘g‘itlarga juda katta talab bor. Shuning uchun, bu iqtisodiyotimiz uchun juda ahamiyatli loyihalar”, dedi Laziz Qudratov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zaro hamkorlik asosida Sirdaryo viloyatida IT sohasida qo‘shma korxona va o‘quv markazi ham tashkil qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘tgan hafta Toshkentga tashrif buyurdi, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu tashrif ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Petronas kompaniyasi oldin ham O‘zbekiston gaz sanoatida ishlagan. Xususan, Malayziya kompaniyasi O‘zbekiston hukumati bilan Ustyurt mintaqasi Urga, Quanish va Akchalak guruhi konlarini o‘zlashtirishda mahsulot taqsimlash hamda Surxondaryo viloyatidagi Boysun investitsion bloki konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi kelishuvlarga ega bo‘lgan. Ammo, kompaniya 2013 yil o‘rtalarida mazkur kelishuvlardan chiqqan va keyingi yil O‘zbekistondagi vakolatxonasini yopgan.

Mavzuga oid