Jamiyat | 21:03 / 20.10.2019
32953
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘nqir-cho‘nqir, chang-to‘zon, hayot uchun xavfli...» – Shovotdagi rasvo yo‘llar

Xorazm viloyati, Shovot tumani markazidan Ijtimoiyat qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘lning juda yomonligi, transport vositalarining harakatlanishi uchun yaroqsiz holga kelib qolgani odamlarni qiynab yuborgan. Ular mutasaddi tashkilotlar tomonidan yo‘lning ta'mirlab berilishini istamoqdalar.

Kuz.uz tahririyatiga Xorazm viloyati, Shovot tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Unda tuman markazini Ijtimoyat qishlog‘i bilan bog‘lab turuvchi yo‘lning abgor ahvolga kelib qolgani, bu esa aholiga ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarayotgani yozilgandi.

Taxminan 20 km uzunlikka ega bu yo‘l Shovot tumani Arboblar mahallasidan boshlanib, Qirg‘oqbo‘yi mahallasi, Ijtimoiyat, Qangli, Cho‘qli qishloqlari orqali o‘tib, Shovot chegara bojxona postigacha boradi.

Yo‘l ancha yillardan beri ta'mirlanmagan. Qor-yomg‘ir natijasida asfalt qoplamasi yemirilib, chuqurchalar paydo bo‘lgan. Issiq havoda esa asfalt qoplamasi erib, notekis holatga kelib qolgan.

Bunday rasvo yo‘ldan harakatlanish uchun transport vositalari ko‘p vaqt sarflamoqdalar. Natijada, odamlar ishga, talabalar o‘qishga kech qolmoqda. Bundan tashqari, abgor yo‘llar tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalarining harakatini juda sekinlashtirmoqda. Natijada, inson hayotiga xavf soluvchi holatlarning yuz berishiga sabab bo‘lmoqda.

Yo‘lning asfalt qoplamasi yemirilib ketishi natijasida paydo bo‘lgan chuqurchalarni aylanib o‘tish uchun, transport vositalari yo‘lning chetiga chiqib ketishga, natijada zovur va ariqlarga yaqin xavfli hududdan harakatlanishga majbur bo‘lishyapti. Odamlar yo‘llarning rasvo holatga kelib qolgani sababli, shaxsiy avtotransportini haydashdan ham voz kechyaptilar.

Yo‘l bo‘yida joylashgan qishloqlar, mahallalardagi dov-daraxtlar, uylarning tomlari, avtomashinalarni changga ko‘milib borayotganini kuzatish mumkin. Bu yo‘llardan har kuni ishga, yumushga o‘tadigan odamlar, bog‘chaga, maktabga qatnaydigan bolalarning ahvoliga faqat achinish mumkin.

Aholi chang-to‘zon tufayli nafas olish ham qiyinlashayotganidan shikoyat qilmoqda. Odamlar yozda ham oyna va eshiklarini yopib o‘tirishga majbur. Aks holda hatto tanovvul qilayotgan ovqatlarga ham chang o‘tirmoqda.

Bu yo‘ldan ishga boradigan kattalar, maktabga qatnaydigan bolalar bezib ketishgan. Yo‘ldan ko‘tarilayotgan chang-to‘zon tufayli kiyim-boshlari bir kunda kir bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, yo‘lning qatnov qismi orqali maktabga boradigan bolalardan xavotirga tushish mumkin. Chang-to‘zonda harakatlanayotgan transport vositalari ularni payqamay qolishi natijasida hayoti uchun xavfli bo‘lgan holat yuz berishi ham hech gap emas.

Ijtimoiyat qishlog‘i aholisi so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 2-3 yil ichida yo‘lni ta'mirlab berish borasida ko‘plab idoralarga murojaat qilingan bo‘lsa-da, hech qanday ishlar bajarilmayapti.

Shovot tumani hokimi o‘rinbosari Bahrom Atajanovdan bu yo‘lning ahvoli va qachon ta'mirlanishi masalasi bo‘yicha izoh so‘radik. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimlik vaziyatdan xabardor. Shuningdek, bu yo‘lni ta'mirlash ishlari Respublika Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 13 milliard so‘mga baholangan. Ammo barcha ishlar asfalt qoplamasining muhim unsuri bo‘lmish bitumning tanqisligi va mablag‘ ajratilmaganligi tufayli to‘xtab turibdi. Agar bu muammo hal qilinsa, yo‘lni ta'mirlash ishlari boshlab yuboriladi. Biroq bitum va mablag‘ masalasining qachon hal bo‘lishi ma'lum emas.

Yo‘llarning holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Yo‘llarning rasvoligi natijasida yengili og‘irlashayotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin? Shovotliklar mutasaddi tashkilotlardan yo‘l muammosini bartaraf qilishda yordam so‘ramoqdalar.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid