O‘zbekiston | 14:59 / 09.09.2021
25269
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi

Bugun, 9 sentabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining s'yezdi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.

Tadbir davomida amaldagi davlat rahbari o‘zining kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan nomzodlik dasturi bilan tanishtirdi. S'yezd yakuniga ko‘ra nomzod bo‘yicha s'yezd qarori e'lon qilindi va delegatlardan ovoz berish so‘raldi. Delegatlar bir ovozdan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Shavkat Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma'lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

2016 yil 8 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19 oktabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s'yezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a'zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.

Sh.Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘li, olti nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z. Mirziyoyeva – mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi.

Shavkat Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid