O‘zbekiston | 19:45 / 16.02.2022
18016
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda tarbiyachilar ko‘p qavatli uylarning pod’yezdlarini yuvishga jalb qilindi

Zarafshon shahrida bog‘cha xodimlari ko‘p qavatli uylarning pod’yezdlarini tozalashga jalb qilindi. Ulardan bu borada suratli hisobot so‘ralmoqda. Topshiriqni hokim bergani aytilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Zarafshon shahar hokimining topshirig‘i bilan hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari majburiy tarzda ko‘p qavatli uylarning pod’yezdlarini tozalashga jalb etilmoqda. Shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Mavluda Tursunova Telegram guruhda bog‘chalar rahbarlariga hokim shunday topshiriq berganini ma’lum qilgan.

“Hurmatli direktorlar. Meni hozir hokim chaqirdi, pod’yezd masalasida qattiq gap eshitdim. Hozirdan nazoratga oling, ertaga har bir MTT 20 tadan rasm tashlashi shart. Bugun 17-sonli MTT bu masalada qattiq tanqidga olindi. Har kuni o‘zingiz boshchiligida ushbu masalani uyushqoqlik bilan tashkil eting. Ertaga (hokim) 11-kichik tumandagi 20- yoki 9-sonli MTTga borishi mumkin. Rahbarga birinchi savol pod’yezdni yuvdingizmi, deb beriladi. Barcha MTTlarga navbat bilan borildi”, – deya ta’kidlagan Mavluda Tursunova o‘z topshirig‘ida.

Shuningdek, topshiriq davomida shahardagi 17-sonli MTT shuncha gapdan keyin bor-yo‘g‘i 5 ta rasm tashlagani uchun tanqidga olingani (hokim tomonidan) aytiladi.

Holat yuzasidan hozircha shahar hokimligi ham, Navoiy viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi ham rasmiy munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid