O‘zbekiston | 16:52 / 13.07.2022
27813
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat rejimi yumshatildi

Qoraqalpog‘iston hududida komendantlik soati qisqartirildi.

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘iston hududida komendantlik soati o‘zgaradi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatning barqarorlashgani va hudud aholisining odatdagi hayot tartibiga qaytayotganini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan Qoraqalpog‘iston hududida joriy etilgan favqulodda holat rejimini yumshatish, ya’ni komendantlik soatining amal qilish vaqtini «soat 21 dan soat 7 ga qadar» o‘rniga «soat 23 dan soat 5 ga qadar» etib belgilashga qaror qilindi.

Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi 2022 yil 2 iyuldagi prezident farmoniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmon davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi va Oliy Majlis palatalariga tasdiqlash uchun yo‘llandi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ro‘y bergan tartibsizliklardan keyin, prezident Qoraqalpog‘iston hududida bir oy muddatga favqulodda holat rejimi joriy etgandi.

Favqulodda holat davrida quyidagi choralar va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilgan:

  • jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan obektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obektlarini muhofaza qilish kuchaytiriladi;
  • Qoraqalpog‘iston hududida harakatlanish erkinligi cheklanadi, shu jumladan transport vositalari uchun ham;
  • fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilishi, ularning shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, ulardagi ashyolar va transport vositalari ko‘zdan kechirilishi ta’minlanadi;
  • Qoraqalpog‘iston hududiga kirish va undan chiqish cheklanadi;
  • tinch yig‘ilishlar, ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi taqiqlanadi;
  • yuridik shaxslar faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlanadi;
  • qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlanadi;
  • dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etiladi;
  • jismoniy shaxslardan qurol va o‘q-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, o‘q-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va o‘quv-harbiy texnika, portlovchi va radiaktiv moddalar vaqtinchalik olib qo‘yiladi.

Mavzuga oid