Sport | 01:09 / 15.09.2025
27455
5 daqiqa o‘qiladi

Boks bo‘yicha JCh. O‘zbekiston 6 ta oltin medal bilan turnirni ikkinchi o‘rinda yakunladi

Kechki dasturda Abdumalik Halokov va Akmaljon Isroilov ishonchni oqlab, O‘zbekiston hisobiga beshinchi va oltinchi oltin medallarni keltirdi. Ammo Navbahor Hamidova hamda Jahongir Zokirov finalda Qozog‘iston vakillariga yutqazishdi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

O‘zbekiston boks jamoasi Angliyaning Liverpul shahri mezbonlik qilgan jahon chempionatining so‘nggi kunida kechki dasturda ham yana 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi va oltin medallar sonini 6 taga yetkazib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. 

Kechki dasturda dastlab -60 kg vaznli bokschilar final bahsida Abdumalik Halokov ringga ko‘tarildi va braziliyalik Luiz Gabriel de Oliveyra ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, delegatsiya hisobiga beshinchi oltin medalni keltirdi.

Bokschining o‘zi uchun bu ikkinchi bor jahon chempionligi bo‘ldi. Halokov bu safargi turnir davomida turkiyalik Mehmetxan Chinor, italiyalik Jiuseppe Kanoniko, qozog‘istonlik Bibars Jyeksen hamda yaponiyalik Shunsuke Kitamotoni mag‘lub etgandi (yarimfinaldagi raqib qoshi yorilgani tufayli jangni davom ettira olmadi).

Shundan keyin ayollar jamoasining finaldagi yagona vakili Navbahor Hamidova (-65 kg) o‘z ishtirokini o‘tkazdi. Ammo u hal qiluvchi bahsda prinsipial raqib, qozog‘istonlik Aida Abikeyevaga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va kumush medal bilan kifoyalandi.

U birinchi va ikkinchi raundlarni o‘z hisobiga yozib qo‘ygandi, ammo hal qiluvchi raunddagi sustkashligi tufayli g‘alabani boy berdi.

Bu Hamidova uchun jahon birinchiliklaridagi ikkinchi kumush bo‘ldi.

-85 kg vaznli bokschilar final bahsida esa Akmaljon Isroilov angliyalik Tign Stott ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi va jamoa hisobiga oltinchi oltin medalni keltirdi.

19 yoshli Isroilov finalga qadar yo‘lda avstraliyalik Lachlan Lavson, ispaniyalik Rikardo Fresneda hamda avstriyalik Michayel Fares Derouichega imkon qoldirmagandi.

Uning oltinidan so‘ng turnir jadvali peshqadamlari – O‘zbekiston va Qozog‘iston hisobidagi oltinlar soni tenglashdi (qozog‘istonliklarning uchta oltinini ayollar jamoasi keltirgan) va barchasi +90 kg vazn toifasidagi final jangida hal qilinadigan bo‘ldi.

Bu bahsda Jahongir Zokirov Oybek O‘ralboyga qarshi ringga ko‘tarildi, superfinal yakunida esa hakamlar g‘alabani Qozog‘iston vakiliga berishdi. Jahongir 1-raundda 3:2, ikkinchi raundda 4:1 hisobida ustun kelgandi. Lekin 3-raundda faollik ko‘rsatmagani sababli hakamlar qozog‘istonlik bokschiga ustunlik berishdi va umumiy ochkolar bo‘yicha (havaskor boksda raundlar kesimida hisoblanmaydi) O‘zbekiston vakili 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Zokirov turnirdagi ishtirokini jazoirlik Mourad Kadini mag‘lub etish bilan boshlagan, keyingi bosqichlarda germaniyalik Nikita Putilov, norvegiyalik Omar Shiha va xitoylik Danabiyeke Bayikevuzidan ustun kelib, finalga chiqqandi.

13 sentabr kuni o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi dastlabki finalda Fazliddin Erkinboyev (-75 kg) Bolgariya vakili Kivan Ramini mag‘lub etib, oltin medallar hisobini ochib bergandi. Undan tashqari, shu kungi yarimfinal janglarida ayollar jamoasidan Cabina Boboqulova, Feruza Kazakova va Aziza Zokirova bronza medallarga sazovor bo‘lishgandi. 14 sentabr kuni kunduzgi dasturdagi finallarda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-65 kg), Javohir Ummataliyev (-80 kg), To‘rabek Habibullayev (-90 kg) hamda Abdumalik Xalokov (-60 kg) o‘z janglarida g‘alaba qozongandi.

Shu tariqa, O‘zbekiston boks jamoasi 60 davlatdan 500 dan ortiq bokschilar o‘zaro bahs olib borgan turnirni 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza bilan yakunlab, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston 7 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan birinchi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston erkaklar va ayollar jamoalari Liverpuldagi turnirga jami 18 nafar bokschi bilan tashrif buyurgandi. Yakunda shundan 11 sportchi sovrindor bo‘ldi, 7 nafari esa medalsiz qoldi: erkaklar jamoasida Shodiyor Meliqo‘ziyev (-50 kg), Mirazizbek Mirzaxalilov (-55 kg) va Shavkatjon Boltayev (-70 kg) chorakfinaldayoq ishtirokini to‘xtatdi, ayollar jamoasida esa Nigina O‘ktamova (-54 kg), Humorabonu Mamajonova (-57 kg), Sitora Turdibekova (-60 kg) va Oltinoy Sotimboyeva (-80 kg) medallargacha yetib kela olishmadi.

Mavzuga oid