Jahon | 16:59 / 07.07.2025
5973
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp BRIKSning «anti-amerika» siyosatini qo‘llayotgan davlatlarga boj bilan tahdid qildi

Braziliya, Xitoy, Rossiya va Hindiston yetakchilari qatnashgan BRIKS sammitida «bir tomonlama tarif va notarif choralarining kuchayib borayotganidan jiddiy xavotir» bildirildi. Bu – AQSh ma’muriyatining savdo siyosatiga qarshi yopiq tanqid sifatida talqin qilindi. Natijada, Donald Tramp «anti-amerika» siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan har qanday davlatga yangi tariflar joriy qilish bilan tahdid qildi.

Foto: Anadolu Agency

6 iyul kuni Braziliya mezbonlik qilgan BRIKS sammitida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda yetakchilar «bir tomonlama tarif va notarif choralarining kuchayib borayotganidan jiddiy xavotirda ekanliklarini» bildirdi.

Shuningdek, Braziliya prezidenti Lula da Silva o‘z nutqida BRIKS davlatlari hozirda dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘ini, shuningdek, global iqtisodiy ishlab chiqarishning 40 foizini tashkil etayotganiga e’tibor qaratdi. Lula kuchayib borayotgan proteksionizm xavfi haqida ham gapirdi.

CNN nashrining yozishicha, BRIKS yetakchilarining bu qarashlari – Tramp ma’muriyatining savdo siyosatiga qarshi yopiq tanqid sifatida talqin qilinmoqda.

Xususan, AQSh prezidenti Donald Tramp BRIKS davlatlari guruhining «anti-amerika» siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan har qanday davlatga yangi tariflar joriy qilish bilan tahdid qildi.

Foto: Photo: Celal Gunes/Anadolu via Getty Images

«AQSh «BRIKSning anti-amerika siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan har qanday davlatga» qo‘shimcha 10 foizlik boj soladi, «hech qanday istisnosiz», deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. Biroq u aynan qanday siyosatlarni nazarda tutganini aniqlashtirmadi.

BRIKS guruhi — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikadan tashkil topgan — turlicha siyosiy tuzum va manfaatlarga ega davlatlardan iborat bo‘lsa-da, ularni birlashtiruvchi asosiy g‘oya — jahon qudrat markazlarini g‘arbga qaram bo‘lmagan, ko‘p qutbli global tuzum tamoyillari asosida qayta taqsimlash zarurligidir. Yaqinda ushbu guruhga Misr, Efiopiya, Indoneziya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari to‘liq a’zo sifatida qo‘shildi. Yana o‘nta davlat, jumladan O‘zbekiston va Qozog‘iston BRIKS’ga hamkor davlat sifatida qo‘shildi.

BRIKS va tarif siyosati

Trampning BRIKS davlatlariga yangi boj solig‘i tahdidi 9 iyulgi «o‘zaro boj» muzokaralari muhlati arafasida – tariflar atrofidagi global beqarorlik va noaniqlikni kuchaytirgan.

BRIKS a’zolaridan ba’zilari, xususan Hindiston, Tramp ma’muriyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara olib bormoqda. Biroq Trampning bu yangi tahdidi ushbu muzokaralarga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha noma’lum.

Tramp bu yil boshida, agar BRIKS umumiy valuta yaratish tashabbusini qo‘llasa, a’zolarga 100% tarif joriy qilishini aytgandi. Bu valuta g‘oyasi 2023 yilda Braziliya prezidenti Lula da Silva tomonidan ilgari surilgan, ammo BRIKS asosiy e’tiborni milliy valutalarda savdo va moliyalashtirishni mustahkamlashga qaratmoqda.

Foto: Anadolu Agency

Yakshanba kuni BRIKS yetakchilari a’zolar o‘rtasida chegaralararo to‘lov tizimini ishlab chiqish muhokamasini qo‘llab-quvvatladi.

BRIKS davlatlari, shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan harbiy hujumlarni qoralab, «fuqarolik infratuzilmasi va tinch yadro inshootlariga qasddan uyushtirilgan hujumlar»dan «jiddiy xavotir bildirganliklarini» bildirgan. Garchi o‘tgan oy ushbu hujumlarda Isroil va AQSh ishtirok etgan bo‘lsa-da, BRIKS bayonotida ularning nomi tilga olinmagan.

Iqtisodiy xavflar

Iqtisodchilar Trampning savdo urushi, ayniqsa Xitoydan olib kiriladigan tovarlarga keng ko‘lamli bojlar, AQSh iste’molchilari uchun narxlar oshishiga olib kelishini ta’kidlamoqda. Walmart kabi yirik kompaniyalar narxlar oshishini tan olgan.

AQSh Moliya vaziri Skot Bessent esa yakshanba kuni «Fox News Sunday» dasturida bu xavotirlarni rad etdi:

«Biz hozircha inflatsiyani ko‘rmadik», — dedi u va buni «tarifga chalingan sindrom» deb atadi. Moliya vaziri va Trampning tarafdori bo‘lgan boshqa amaldorlar oxirgi oylar ichida «bojlarni aslida Xitoy to‘lamoqda», degan pozitsiyani qayta-qayta ilgari surmoqda, deb yozgan CNN.

AQShning sobiq Moliya vaziri Larri Samers esa yangi boj tariflari, ehtimol, biroz daromad keltirishi mumkinligini, ammo bu yuqori inflatsiya va amerikalik ishlab chiqaruvchilar uchun raqobatbardoshlikning pasayishi evaziga bo‘lishini ta’kidlamoqda.

BRIKS kuchayib bormoqda

Reutersʼning yozishicha, tashkilot tarkibining kengayishi BRIKS sammitiga diplomatik og‘irlik qo‘shmoqda. BRIKS o‘zini «global Janub»dagi rivojlanayotgan davlatlar nomidan so‘zlovchi blok deb biladi va BMT Xavfsizlik Kengashi, Xalqaro Valuta Jamg‘armasi kabi tuzilmalarni isloh qilish zarurligini ta’kidlaydi.

«Agar xalqaro boshqaruv tizimi XXI asrda yuzaga kelgan ko‘p qutbli haqiqatni aks ettirmasa, BRIKS bu tizimni yangilashga yordam berishi kerak», dedi Lula da Silva.

Foto: Braziliya prezidenti matbuot xizmati

Tadbirga Xitoy yetakchisi Si Szinpin shaxsan bormay, o‘rniga Bosh vazirini yubordi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa, Ukrainadagi urush munosabati bilan Xalqaro jinoiy sud tomonidan chiqarilgan hibs qarori sabab onlayn ishtirok etdi.

Biroq, BRIKS safi tobora rang-barang bo‘lib borayotgani bois, uning kuchli ekanligidan tashqari, tashkilotning yagona maqsadlari haqida savollar ham ko‘paymoqda. Chunki bu guruhga mintaqaviy raqiblar hamda yetakchi rivojlanayotgan iqtisodiyotlar kirib bormoqda.

Mavzuga oid