Namangandagi metan-shoxobcha qurilishini g‘ayriqonuniy deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritildi
Namangan shahrida qurilayotgan, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qudasi Qudrat Abdullayevga aloqador AGTKS qurilishini g‘ayriqonuniy deb topish va qurilgan bino-inshootni javobgar hisobidan buzdirish bo‘yicha sudga da’vo ariza kiritildi.
Namangan shahrining Jaloliddin Manguberdi ko‘chasida «SD Servis Center» MChJ tomonidan fuqaro xonadoniga taqab qurilayotgan AGTKS bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Fuqaro da’vo arizasida yashash xonadoni va AGTKSning akkumulyator bloklari o‘rtasidagi masofa 22 metrni tashkil qilganini, e’tirozlarga qaramasdan MChJ qurilishni to‘xtatmayotganini ta’kidlagan.
Fuqaro suddan mazkur metan-stansiya qurilishini g‘ayriqonuniy deb topishni va qurilgan bino-inshootlarni javobgar hisobidan buzdirishni so‘ramoqda.
Arizada «SD Servis Center» MChJning Namangan shahri Jaloliddin Manguberdi ko‘chasi 19-uy manzili hamda unga tutash hududlarda AGTKS qurish bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlarini cheklashda ifodalangan da’voni ta’minlash choralarini qo‘llash so‘ralgan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, sud avvaliga da’vogarning arizasini qabul qilishni sababsiz rad etgan. Oliy sud va Sudyalar oliy kengashiga bu haqda shikoyat qilingach, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudi fuqaroni chaqirtirib, uning da’vo arizasini tezkor ravishda ish yurituviga qabul qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Namangan shahri, Jaloliddin Manguberdi ko‘chasidagi nizoli AGTKS hujjatlarda «SD Servis Center» MChJga tegishli.
Qurilish ishlarida bosh pudratchi tashkilot “Afsona sof gaz suv qurilish” MChJ hisoblanadi. Bu korxonaning 90 foizlik ta’sischisi viloyat hokimining qudasi – Abdullayev Qudrat Qosimjonovich bo‘ladi.
Avvalroq AGTKS qurilishi to‘xtatilgan hamda shoxobchaning rasmiy egasi bo‘lgan MChJ rahbari javobgarlikka tortilgandi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, ayni kunlarda mazkur AGTKSning qurilish ishlari faol davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
15:18 / 20.11.2024
Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
22:25 / 12.11.2024