O‘zbekiston | 21:05 / 30.09.2024
1953
3 daqiqa o‘qiladi

Yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmati tariflari erkinlashtiriladi

Narxlarni davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida «Temir yo‘l transporti to‘g‘risida»gi Qonun ma’qullandi.

Qonunda «temir yo‘l transporti» tushunchasi qayta ko‘rib chiqilib, yangi tahrirda bayon etilmoqda. Bunda temir yo‘l transporti umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan turga ajratilmoqda. Umumiy foydalanishdagi temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanish tartibi va infratuzilma operatori faoliyati tartibga solinmoqda hamda tashuvchilarning huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun bilan temir yo‘l transportida bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilanayotgan bo‘lib, unga ko‘ra yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.

Narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashishdan tashqari) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilmoqda.

Temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilishning aniq yo‘nalishlari Qonunda belgilanib, umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘llar hamda vokzallarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish manbalari aniq qayd etilmoqda.

Qonun bilan temir yo‘lda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi va Transport inspeksiyasi vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Qonun sohada raqobat muhitini yaratish, fuqarolarning temir yo‘l transportida harakatlanishida sifat darajasini oshirish, yo‘lovchi va yuklarni xavfsiz tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish va temir yo‘l transporti tashuvlari sohasida xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid