O‘zbekiston | 19:06 / 21.04.2018
6323
6 daqiqa o‘qiladi

“Odam a'zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining asosiy maqsadi nima?

O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining “Odam a'zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Partiya tomonidan aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot muolajalariga, xususan, transplantologiyaga, EKU (ekstrakorporal urug‘lantirish) va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlarga ruxsat berish, qolaversa, xorijning yetuk tibbiyot markazlari bilan hamkorlik o‘rnatish, chet el vrachlarini O‘zbekistonning tibbiy muassasalarida jarrohlik operatsiyalari o‘tkazish amaliyotini kengaytirishga, ularni doimiy asosda ishga taklif qilish orqali milliy mutaxassislarimizning malakasini oshirishga oid qator takliflar ilgari surib kelinmoqda.

Foto: O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati
Foto: O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati

Buning amaliy natijasi o‘laroq 2017 yilning 23 oktabrida Vazirlar Mahkamasining “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjatga asosan o‘tgan davrda xorijlik malakali mutaxassislar bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk marotaba buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Endilikda ushbu amaliyot Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi, akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi keng yo‘lga qo‘yilishi natijasida bir yilda o‘rtacha 100-150 ta operatsiya o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a'zosi M.Dadaxodjayeva va Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh transplantologi U.Yuldashev tomonidan alohida qayd etilganidek, mamlakatimizda ilk marotaba transplantatsiya amaliyotining o‘tkazilgani tibbiyot sohasidagi bu kabi muammolarning yechim topishi, aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiyot xodimlari salohiyatidan unumli foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi. Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o‘ta mas'uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Sir emas, ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150-200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda ana shunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Mana, endi shunday murakkab va noyob operatsiyalar yurtimiz tibbiyot markazlarida ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Foto: O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati

Shunga qaramay, mazkur sohani tartibga soluvchi yaxlit qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zaruriyati mavjud. Ya'ni, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan Vaqtinchalik nizomning amal qilish vaqti — “Odam a'zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining kuchga kirish kunigacha, deb belgilangan. Mazkur hujjatga asosan hozirda faqat jigar va buyrak transplantatsiya qilinayotgan bo‘lsa, yangi qonun qabul qilinsa, hamyurtlarimiz, zarurat tug‘ilgan paytda, chet elga bormasdan, shu yerning o‘zida buyrak, jigar, yurak, o‘pka, umuman inson organlari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotiga muvaffaq bo‘ladilar.

Foto: O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati

Shu bois partiya tomonidan aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan transplantologiya tibbiy xizmatiga ruxsat berishning huquqiy asoslarini yaratish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, partiya taklifiga asosan transplantatsiya amaliyotini mamlakatimiz tibbiyot sohasiga keng joriy etish masalasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga kiritildi. Shundan kelib chiqib, partiya tomonidan aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan tibbiyot muolajalariga, jumladan, transplantologiya tibbiy xizmatiga ruxsat berishning huquqiy asoslarini yaratish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston “Adolat” SDP o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan “Odam a'zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. O‘tgan davrda vazirlik va partiya ekspertlari hamkorligida ishlab chiqilgan qonun loyihasi O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida hamda www.adolat.uz veb-saytida umumiy muhokamaga qo‘yildi. Shu bilan birga, ushbu hujjat ayni vaqtda hududlardagi tibbiyot muassasalari hamda sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida partiya elektorati va deputatlari ishtirokida keng muhokama qilinmoqda.

Foto: O‘zbekiston “Adolat” SDP Matbuot xizmati

Qonun loyihasining asosiy maqsadi — zamonaviy fan va tibbiyot amaliyoti yutuqlarini hisobga olgan holda inson organlari, to‘qima va hujayralarini transplantatsiya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Qonun loyihasini ishlab chiqishda ushbu sohadagi xorijiy tajriba hamda JSST tavsiyalari inobatga olingan.

Davra suhbatida ushbu sohadagi xorijiy tajriba hamda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar bandma-band muhokama etilib, uni maromiga yetkazish bo‘yicha ishtirokchilarning takliflari tinglandi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid