XDP va “Adolat” partiyalari rahbarlari plagiatda ayblanmoqda
Oliy Majlisning ikki mansabdor deputati – XDP raisi Ulug‘bek Inoyatov va “Adolat” SDPning parlamentdagi fraksiyasi rahbari Zuhra Ibragimova jurnalist Shuhrat Dehqonov yozgan maqoladan ko‘chirib, ularni o‘ziniki deb e'lon qilgani aytilmoqda. Ayni paytda maqolalar ikki rasmiy saytdan o‘chirilgan. Dehqonovning aytishicha, masalaga “oxirgi nuqtani sud qo‘yadi”.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktorining maslahatchisi – Axborot va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i, sobiq deputat Shuhrat Dehqonov Facebook'dagi sahifasi orqali XDP va “Adolat” partiyalarining parlamentdagi fraksiyalari rahbarlariga ochiq xat yo‘lladi.
Kun.uz “O‘z fikringiz yo‘qmi, hurmatli liderlar?” nomli ochiq xat muallifi Shuhrat Dehqonov bilan bog‘landi.
“2021 yilning 30 iyun kuni “Milliy tiklanish” gazetasining 22 (1124)-sonida mening “Yoshlar – davlatning katta kuchi, strategik resursi” nomli maqolam e'lon qilindi. Ushbu maqolamni yanada kengaytirib, fakt va raqamlar bilan boyitib, “Faol va tashabbuskor avlod – Yangi O‘zbekiston drayveri” nomi bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga taqdim etdim va bu maqola ham 30 iyun kuni soat 16.49 da O‘zA saytida qisqartirib e'lon qilindi.
Anchagina izlanganman, ter to‘kkanman, miya qotirganman, xullas injiqroq odamman-da, ko‘nglim to‘lmasdan bu maqolani to‘laligicha o‘zim ishlayotgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazining saytiga ham berdim.
Ertasiga, ya'ni 1 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining rasmiy saytida spiker o‘rinbosari, O‘zXDP rahbari Ulug‘bek Inoyatov “Yoshlar manfaatlari yo‘lida kuchimizni ayamaymiz” nomli maqolasiga ko‘zim tushib, hayratdan yoqa ushladim. Chunki bu oxirida xulosa sifatida bitilgan ikki og‘iz gapni aytmaganda, boshdan oyoq aynan mening maqolam edi!
Boz ustiga, Ulug‘bek Ilyasovich prezidentimizning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasiga munosabat tarzida mazkur maqolani 1 iyul kuni O‘zA saytida ham e'lon qilib yuboribdilar.
Maqolamdan “ortib qolgan” joyini esa yana bir spiker o‘rinbosari, “Adolat” SDP rahbari Zuhra Ibragimova o‘zlashtiribdilar. To‘g‘ri, u kishi “insof” qilganlar chog‘i, ozroq qismini mendan ko‘chirib olganlar. Lekin baribir, u kishi ham mening mualliflik huquqimni poymol qilganlar, deb hisoblayman.
Xullas, O‘zbekistondagi ikkita katta siyosiy partiyani boshqarib kelayotgan, spiker o‘rinbosari degan oliy maqomga munosib ko‘rilgan bu hurmatli shaxslarning xurmacha qiliqlari meni nafaqat taajjubga soldi, balki achinish hissi ila chuqur o‘yga ham toldirdi. Axir, ularning ortida necha yuz ming kishilik katta armiya turibdi. Qolaversa, oliy qonun chiqaruvchi va insonning qonuniy haq-huquqlarini himoya qiluvchi parlamentda rahbar kursilarida o‘tirishibdi. Ular esa, qonunlarga amal qilish o‘rniga aksincha ish tutib, birovning huquqiga daxl qilishayotgani qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?
Men ochiq xatimda mazkur masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Odob komissiyasi, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va boshqa mualliflik huquqini himoya qiluvchi idoralar e'tiboriga havola etdim.
Agar ular munosabat bildirishmasa, o‘zim oxirigacha boraman va bu muammoga sud oxirgi nuqtani qo‘yadi.
Taxminimcha, katta ehtimol bilan har ikki spiker o‘rinbosari – ikki siyosiy partiya liderlarining mendan ko‘chirilgan maqolalari saytlardan o‘chiriladi. Ammo, bu meni xavotirga solmaydi, chunki hamma manbalarni o‘zimga saqlab qo‘ydim”, – deydi Shuhrat Dehqonov.
Chindan ham, Qonunchilik palatasi va O‘zA saytlarida Ulug‘bek Inoyatov nomidan e'lon qilingan maqola o‘chirilgan. Ammo muallifda ham, tahririyatda ham o‘sha maqoladan skrinshotlar mavjud.
Muallifning bildirishicha, na Ulug‘bek Inoyatovning o‘zi, na partiya vakillari muallif bilan bog‘lanishmagan va bu borada izoh berishmagan.
“Adolat” SDP rahbari Zuhra Ibragimova va bu partiya vakillari ham hozircha sukut saqlashmoqda.
Kun.uz'ning bir nechta manbalariga ko‘ra, parlamentda ham, fraksiyalarda ham qator deputatlarning o‘zlari amalda hech narsa yozmasliklari, buning uchun kimlardir ter to‘kishi odatiy holga aylanib ulgurgan.
Biroq bir emas, ikki siyosiy partiya lideri tomonidan kimningdir maqolasini ochiqdan ochiq ko‘chirish holati shu paytga qadar kuzatilmagan edi.
Sobiq xalq ta'limi vaziri, ayni paytda fraksiya lideri bo‘lsa-da, Ulug‘bek Inoyatov parlamentning ancha “sokin” deputatlaridan biri hisoblanadi. U shu paytgacha shov-shuv bo‘lgan biror tashabbusi bilan tilga tushmagan. Lekin Ulug‘bek Inoyatovning “Bir oilaga bir oyga 2,5 mln so‘m yetadi” degan jumlasi qattiq muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik partiya rahbari “Men faqat oziq-ovqat sarf-xarajatlarini nazarda tutgandim” deya izoh bergandi.
Aynan bugun, 3 iyul kuni OAV vakillari bilan uchrashgan Senat raisi Tanzila Norboyeva parlament tarixida biror marta so‘zga chiqmagan, intervyu bermagan deputatlar ham ishlab ketgani, ayrim vakillar intervyu berish chog‘ida hatto qog‘ozga qarab o‘qib berayotganlari tarqalib ketgani juda uyatli hol bo‘lganini bildirgan edi.
Abror Zohidov
Mavzuga oid
16:40
Propan narxi keskin oshib ketgani yuzasidan mas’ul idoralarga deputatlik so‘rovi yuborildi
17:38 / 25.10.2024
Qarshida o‘qituvchilar va ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
12:00 / 25.10.2024
Saylov yaqin, partiyalar nimalarni va’da qiladi? – Kun debati
15:00 / 17.10.2024