O‘zbekiston | 18:54 / 13.12.2022
16903
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi maktablarda qishki ta’til qisqaroq bo‘ladi

Samarqand shahridagi barcha maktablarda va viloyatning to‘rt tumanidagi ayrim maktablarda III chorak 5 yanvardan boshlanadi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

Samarqand viloyatida o‘quv yili boshlanishi kechiktirilgan maktablarda III chorak darslari biroz ertaroq — 2023 yilning 5 yanvaridan boshlanadi. Bu haqda Samarqand viloyat XTB matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan muhim xalqaro siyosiy tadbir munosabati bilan Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga, shuningdek, Oqdaryo, Toyloq, Samarqand tumanlarining mahalliy kengashlari qarorlari va Jomboy tuman hokimligining tegishli farmoyishiga asosan, Samarqand tumanidagi 3 ta (7-, 23-, 53-), Toyloq tumanidagi 5 ta (11-, 12-, 15-, 17-, 59-), Oqdaryo tumanidagi 5 ta (25-, 38-, 39-, 41-, 48-), Jomboy tumanidagi 6 ta (5-, 6-, 8-, 22-, 20- va 44-) sonli umumta’lim maktablariga 5-19 sentabr kunlari navbatdan tashqari ta’til berilgan edi. Qarorlarda qoldirilgan dars soatlari o‘quv yili davomida beriladigan ta’tillar hisobiga qoplanishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, muassasalarida 5–8 sentabr kunlari qoldirilgan darslar kuzgi ta’tilning 4–8 noyabr hisobidan to‘ldirildi.

9–14 sentabr kunlari qoldirilgan darslar o‘rni qishki ta’til kunlarining oxirgi 5 kuni hisobidan (5–10 yanvar kunlari) jami 5 o‘qish kuni;

2022 yilning 15–17 sentabr kunlari qoldirilgan dars mashg‘ulotlari  o‘rni 2023 yil bahorgi ta’tilning oxirgi 3 o‘qish kuni hisobidan to‘ldirilishini ma’lum qilamiz», — deyiladi Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahridagi maktablar to‘liq hamda Oqdaryo, Jomboy, Toyloq va Samarqand tumanlaridagi ayrim maktablarda yangi o‘quv yili Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan 19 sentabrdan boshlangandi.

Bundan avvalroq Xalq ta’limi vazirligi respublika umumta’lim maktablarida qishki ta’til 28 dekabrdan 10 yanvargacha davom etishi, III chorak darslari 2023 yil 11 yanvar kunidan boshlanishini e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid