Xorijda haydovchilik guvohnomasini olish mashaqqatlari: o‘qimagan yiqiladi, kelishishga imkoniyat yo‘q
Rivojlangan davlatlarda mashina haydash qonun-qoidalarini puxta o‘zlashtirganlargagina haydovchilik guvohnomasi beriladi. Ham O‘zbekistonda, ham chet elda avtomobil haydash guvohnomasini olish jarayonidan bevosita xabardor insonlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Alfiya Klave, Fransiya, Parij shahri:
— Fransiya haydovchilik guvohnomasi olish nihoyatda murakkab, chunki bu yerda imtihon olishga juda qattiq talablar qo‘yiladi. Mening tanishlarim ichidan barchasi bir necha urinishda topshirishgan. Bir tanishim shu sinovni olti marotaba topshirgan va o‘ta olmagach, gap imtihon oluvchi markaz yoki instruktorda degan xayol bilan hattoki boshqa shaharlarda ham urinib ko‘rgan. Ammo tajriba shuni ko‘rsatadiki, gap alohida markaz yoki shaxsda emas, tizimda: yaxshi tayyorgarlik ko‘rmaganmisan yiqilasan – tamom.
Bu yerda sinovlar, xuddi O‘zbekistondagiday, nazariy va amaliy topshiriladi. Nazariy test kompyuter orqali topshiriladi va albatta, hech kim bilan “kelishib” bo‘lmaydi. Dasturni aldab bo‘lmaydi.
Amaliy imtihon esa anchagina qiyin. Unga kirish uchun avval siz instruktor bilan kamida 30 soat avtomobil haydash tajribangiz bo‘lishi shart.
Fransiyada hamma avtomaktablar tizimidan o‘tadi. Odatiy, eski usulda ishlovchi avtomaktablar bilan birga zamonaviy, innovatsion o‘quv dargohlariyam bor, ular barcha o‘quv dasturlarini avtomatlashtirishgan, internetga yuklashgan. Nazariy va amaliy tayyorgarlik parallel ravishda olib boriladi.
O‘quv jarayonida oraliq imtihonlari topshiriladi, ulardan o‘ta olmasangiz, keyingi mavzularga o‘ta olmaysiz, dastur sizni bloklab qo‘yadi. Masalan, “burilish” yoki “parkovka” mavzusida amaliy nazoratni topshira olmadingiz. O‘qishni davom ettirish uchun siz mustaqil mashq qilib yoki repetitor yollab, uni qayta topshirishingiz talab etiladi. Shu sababli 30 soatlik tajriba talab qilinganida “kamida” deb qo‘shib qo‘yiladi, odatda hamma 40 soatdan 60 soatgacha mashq qiladi.
Fransiyada mashina haydashni o‘rganib, imtihonga tayyorgarlik ko‘rish davomida shunchaki mashina boshqarish bilan akademik haydashning orasidagi farqni tushunib yetdim.
Akademik haydash nima degani? Misol uchun, siz har kuni darvozangizdan orqalab mashinani haydab olib chiqasiz va ishonchingiz komilki, sizga xalaqit beradigan hech narsa yo‘q, chunki 30 soniya avval, mashinaga o‘tirishdan oldin bunga yana bir bor qarab qo‘ydingiz. Ammo rulga o‘tirgach, manyovrni amalga oshirishdan orqa oynalarga qarashga majbursiz.
Mening o‘qishim ancha cho‘zilib ketdi. Amaliy mashg‘ulotlarim 40 soatni tashkil qildi, ammo imtihon topshirgunimgacha bir yarim yil ketdi. Qisman buning sababi pandemiya bo‘lgan bo‘lsa, qisman o‘zimning imtihon oldidagi qo‘rquvim bo‘ldi. Atrofimda barcha yiqilaverganini ko‘rib, o‘zimga ishonch yuqori bo‘lmaguncha mustaqil o‘qishga qaror qildim.
Men imtihonni birinchi martadayoq topshira olganimdan juda faxrlanaman. Tan olish kerakki, bu ko‘proq istisno holat va uzoq, og‘ir mehnatning samarasidir. Nazariy bilimlarni mustaqil o‘rganishdan tashqari men repetitor yollab, amaliy mashg‘ulotlarniyam ideal darajada bajarmaguncha to‘xtamadim. Xarajatlarga kelsak, guvohnoma olishim 2 ming yevroga tushdi.
Rasuljon Obidjonov, Yaponiya, Hiogo prefekturasi:
— Yaponiyada haydovchilik guvohnomasini ikki yo‘l bilan olsa bo‘ladi. Birinchisi: Yaponiyada avtomaktabda o‘qib, olish, ikkinchisi boshqa mamlakatda olingan “prava”ni Yaponiyaga o‘tkazish.
Shaxsan mening guvohnomam bo‘lgani uchun ikkinchi usuldan boshlasam. Buning uchun siz avvalo o‘zingizning mamlakatingizda kamida uch oylik tajribaga ega bo‘lishingiz shart. So‘ng o‘z guvohnomangizni JAF (Japan Automobile Federation) degan tashkilotga olib borib, yapon tiliga tarjima qildirish kerak. Bu o‘rtacha 35 AQSh dollariga tushadi. Ushbu tarjima qilingan guvohnoma bilan pasport va rezidentlik kartochkasi bilan mutasaddi idoraga topshiriladi. Hujjatlarni tekshirib bo‘lgach, sizni nazariy imtihonga qo‘yadi.
Imtihon asosan yapon va ingliz tillarida bo‘ladi va 10ta savoldan iborat bo‘ladi. Imtihon topshirish 25 dollarlar atrofida bo‘ladi. 10ta savol uchun 5 daqiqa beriladi, savollar oson emas, ammo qoidani bilgan va tajribaga ega bo‘lgan haydovchi uchun katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Amaliy bosqichga o‘tish uchun kamida 7ta savolga to‘g‘ri javob berishingiz kerak bo‘ladi.
Amaliy imtihonning vaqtini oldindan belgilab olishingizga to‘g‘ri keladi. Imtihon oluvchilarning ish grafigi ancha zich bo‘lgani uchun bo‘sh vaqtini topib, o‘sha paytga kech qolmay borish kerak. Imtihon maxsus maydonda olinadi, u yerda Yaponiya uchun odatiy bo‘lgan tor ko‘chalar, murakkab estakadalar o‘rnatilgan. Sizga oldindan topshiriq (manyovr)lar to‘plami beriladi, ularni imtihon oluvchilar nazorati ostida bajarasiz.
Amaliy imtihon judayam qiyin, mutlaq ko‘pchilik birinchi va hatto ikkinchisida yiqilishadi. Maksimal ball 100 ball, har bitta xatongiz uchun 5 balldan va undan ko‘proq ham ayriladi. Muvaffaqiyatli topshirish uchun kamida 70 ball to‘plash kerak.
Imtihon murakkabligi sababli ko‘pchilik xususiy avtomaktablarga borib dars olishadi. Darslar soatbay, bir soat mashg‘ulot 100 dollar atrofida. O‘sha yerda mashq qilib, keyin imtihon topshirgani borsangiz, bu sizning topshira olishingiz uchun imkoniyatlarni oshiradi.
Imtihondan o‘tgan taqdiringizda sizni rasmga olishadi, 20 dollar to‘lov qilasiz va ikki soatcha kutib turasiz. Shu vaqt oralig‘ida sizga guvohnomangizni topshirishadi. Shunda siz o‘z vataningizda olgan guvohnomangiz bilan Yaponiyada avtomobil haydashingiz uchun o‘rtacha 200 250 dollar sarflaysiz (qo‘shimcha darslar bilan).
Modomiki siz noldan o‘qib olmoqchi bo‘lsangiz, karrasiga ko‘p vaqt, kuch va pul sarflashingiz kerak bo‘ladi. Misol uchun, nazariy imtihonning o‘zidan 8 martalab yiqilganlarni bilaman. Narxiga kelsak, Yaponiyada o‘qib haydovchilik guvohnomasi olish 3000 dollarga aylanadi.
Xursanali Tilavoldiyev, Birlashgan Arab Amirliklari, Dubay shahri:
— Dubay shahrida havo judayam issiqligi tufayli infrastruktura asosan shaxsiy avtomobilda yurish uchun mo‘ljallangan, ya'ni biz ko‘nikkan avtobus, marshrutka va hokazolar bu yerda yo‘q yoki judayam kam.
Shu sababli men ham o‘zimga avtomobil xarid qilish va uni haydab yurish uchun guvohnoma olishga qaror qildim. Bungacha men hech qachon avtomobil haydamaganman va Dubaydagi keng ko‘chalardagi harakatni ko‘rib, ichimda qo‘rquv va ishonchsizlik bo‘lgan. Bu yo‘llarda mashina haydab yura olishimga, ochig‘i, ko‘zim yetmasdi. Ammo vaziyat majbur qilganidan guvohnoma olishga ariza topshirdim.
Dastavval avtomaktabga borishga qaror qildim. U yerda menga aytishdiki, birinchi bo‘lib Ichki ishlar vazirligiga borishim kerak ekan. U yerda mendan 400 dollar atrofida to‘lov qilishni so‘rashdi. Buning evaziga menga o‘quvchi-haydovchi guvohnomasi, reyting daftarchasi va darslik berishdi. So‘ng ko‘rish qobiliyatimni tekshirishdi: bunga 100 dollar atrofida to‘lov qildim. Imtihonlar uch bosqichdan iborat bo‘lar ekan: nazariy, parkovka va katta yo‘lda haydash.
Avtomaktabga qaytib borganimda bir haftadan keyin birinchi sinov bo‘lishini ma'lum qilishdi. Uyga qaytib, yo‘l harakati qoidalari kitobini o‘qiy boshladim. Qoidalar, nazarimda, unchalik qiyin emas edi. Bir hafta o‘tgach, IIVga imtihon topshirgani bordim. Kompyuterda topshirilarkan, jami 30ta savoldan kamida 27tasiga javob bergan o‘tarkan. Yarim soat muhlat berishdi. Men 28ta savolga to‘g‘ri javob berib, birinchi bosqich imtihonidan o‘tdim.
Keyingi parkovka bo‘yicha imtihon bir oydan so‘ngga belgilangan ekan. Bu menga juda uzoq muddatday tuyuldi, men tezroq mashina haydashni o‘rganib, guvohnoma olmoqchi edim. Imtihonni tezlashtirish xizmati bor ekan, 80 dollar to‘lov evaziga uni 2 haftadan keyinga qo‘yib berishdi va avtomaktabga borib, yaxshilab o‘rganishimni aytishdi.
Avtomaktabda o‘qish narxi soatbay hisoblanar ekan: bir soati uchun 20 dollar atrofida. Haydashni bilmasligimni ko‘rib, kamida 20ta dars olishim kerakligini aytishdi. Ammo atrofdagi tanishlarim, do‘stlarim aytishlaricha, 10 soat ham yetarli bo‘larkan, shunga 10 soat olaqoldim: 5ta dars parkovkaga, 5ta dars katta yo‘lda haydashga. Birinchi darsdanoq o‘qitish tizimi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini sezdim. Ikkinchi darsda esa o‘zim parkovka qila oldim.
5ta darsni o‘tib bo‘lib, parkovka sinoviga bordim. Imtihon 3 bosqichga bo‘linarkan: parallel parkovka, garajga kirish va estakada. Unda yonimda politsiya xodimi nazorat qilib o‘tirarkan. Parkovka sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdim va menga bir oydan so‘ng katta yo‘ldagi imtihon bo‘lishini aytishdi. Shoshganim sababli yana 80 dollar to‘lab, 2 hafta surdirdim.
Qolgan 5ta darsni o‘tdim. O‘qituvchilarga ming rahmat, ko‘pchilik nazariga ilmaydigan mayda detallargacha tushuntirib, har bir qoidani uqtirib o‘rgatmaguncha qo‘yishmadi. So‘nggi imtihon yaqinlashgan sari atrofimdagilar “uchinchi imtihon nihoyatda qiyin bo‘ladi”, deb qo‘rqita boshlashdi. O‘zimning boshlig‘im, tajribali haydovchi bo‘lishiga qaramay, 3 urinishda o‘ta olganini aytib berdi. Talab nihoyatda kuchli, negaki Dubay ko‘chalarida harakat tezligi juda yuqori bo‘lgani uchun eng mayda qoidabuzarlik ham ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Menda qo‘rquv paydo bo‘ldi. Ustiga ustak, imtihondan o‘tolmasam yana 80 dollar to‘lashimga to‘g‘ri kelardi.
Uchinchi imtihonni men bilan yana 3 kishi topshirishdi. Katta yo‘lga chiqib ketdik. Birinchi bo‘lib topshirgan odam kamar taqmagani va povorotnikni yoqmagani uchun imtihondan qoldirildi. Ikkinchi topshiruvchi ham shunga o‘xshash oddiy xatolar – yon ko‘zguga qaramagani, “ko‘r zona”ni ko‘rish uchun kallasini burib qaramagani uchun topshirolmadi. Keyin bilsam, bu ikkitasi 8-marta topshirishi ekan.
Aytib o‘tish kerakki, ularning ikkovi ham avtomobilni boshqarishni bilar edi, ammo imtihonning asl mohiyati avtomobilni naqadar xavfsiz boshqarishingizni aniqlash ekan. Endi atrofingizga qarang: yo‘llarimizda nechtasi mashina haydashni biladiyu, qanchasi buni hushyorlik bilan, o‘zi va atrofidagilar uchun xavfsiz uddalay oladi? Javobini bilasiz.
Uchinchi bo‘lib topshirgan inson juda yaxshi haydadi va imtihondan o‘tdi. U 6-marta topshirishi ekan, barchamiz uni tabrikladik.
Navbat menga keldi: rulga o‘tirib, kamarni taqdim, asta qo‘zg‘aldim...
Politsiya xodimi juda xushmuomala inson ekan, hayajonimni bosishimga yordam berdi. Uning vazifasi yo‘l ko‘rsatib ketish ekan: o‘ngga yuring, chapga buriling, qayrilib oling, to‘xtang va hokazo, aytib ketar ekan. Mening vazifam esa avtomobilni hushyor va xavfsiz boshqarib borish ekan. Oxirida avtomobilni to‘xtatishni aytdi, parkovka qildim. Inspektor meni imtihondan o‘tganim bilan tabriklaganida o‘zimda yo‘q xursand edim, negaki atrofimda barcha “o‘tolmaslikka tayyor turaver”, deyishgandi.
Parkovka va haydash testi uchun 110 dollardan to‘ladim. Guvohnoma uchun yana 100 dollar to‘lov qildim va bir haftadan so‘ng pochtadan yetkazib berishdi. Jami xarajatlarim taxminan 1200 dollarni tashkil qildi.
Sirojiddin Po‘latov tayyorladi.
Mavzuga oid
09:52
O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik darajasi oshdi
07:31 / 12.11.2024
Oktyabrda ayrim avtomobillar narxi biroz pasaydi
15:11 / 05.11.2024
Xususiy tadbirkorlar olib kirayotgan mashinalar uchun yana bir yangi tartib joriy qilindi
21:59 / 31.10.2024