Jamiyat | 20:14 / 17.10.2025
5998
5 daqiqa o‘qiladi

“8,5 ball ham yetadi deyishgandi” – 17 yoshidayoq IELTS'dan 9 ball olgan Nozima Qadamova hikoyasi

Nozima hozirda Toshkent shahridagi 357-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. U ingliz tilini chuqurroq o‘rganishni atigi ikki yil avval boshlagan. Qisqa vaqt ichida boshlang‘ich darajadan yuqori bosqichga ko‘tarilgan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Nozima imtihonlarga qanday tayyorgarlik ko‘rgani va maksimal natijaga erishishida unga nimalar yordam bergani haqida so‘zlab berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Nozima IELTS imtihonini to‘rt marta topshirgan. Birinchi urinishda 8, ikkinchisida 8,5 ballni qayd etgan.

Ota-onam va ustozlarim “8,5 ball – zo‘r, shuning o‘zi yetarli”, deyishdi. To‘g‘ri, bu ham o‘quvchi uchun katta yutuq. Biroq men o‘zimdan qoniqmadim, eng yuqorisini olaman deb niyat qilgandim. Shu sababli imtihonni yana qayta topshirishga qaror qildim”, – deydi u.

Nozima qisqa vaqt ichida tayyorlanib, imtihonni qayta topshirdi. Biroq bu safar uning natijalari kutilganidek chiqmadi — 7,5 ballga tushib ketdi.

Imtihon natijasi faqat tayyorgarlik emas, balki omadga ham bog‘liq. Savollarning oson yoki qiyin tushishi yakuniy ko‘rsatkichga ta’sir qiladi. Uchinchi marta topshirganimda atrofimdagi hamma narsa teskarisiga ishlagandek tuyuldi: test yechayotgan kompyuterim ishlamay qoldi. Boshqasiga ko‘chirishguncha vaqtdan yutqazdim. Diqqatim chalg‘idi, fikrimni jamlash qiyin bo‘ldi. Ayniqsa o‘qish (reading) qismi murakkab tushdi”, – deya eslaydi Nozima.

Uchinchi urinishdagi omadsizlik uning ruhiyatiga salbiy ta’sir etgan bo‘lsa-da, o‘quvchi qiz harakatdan to‘xtab qolmadi.

7,5 ball chiqqanida “balki, endi to‘xtash kerakmikin”, deb o‘ylab qoldim. Lekin ustozim “bu tabiiy hol, yiqilishdan keyin o‘sish bo‘ladi”, deb kuch berdi. Shundan keyin yana urinib ko‘rdim”, – deydi u.

Nozima kamida avvalgi natijalarini tiklash uchun ham imtihonni to‘rtinchi marta topshirishga qaror qiladi. Test kuniga qadar u o‘z ustida yanada ko‘proq ishlab, avvalgi xatolarini tahlil qiladi.

Darslarni soatlab o‘tirib emas, kun davomida vaqt topilgan paytda muntazam qilib borganman. Eng samarali usullarimdan biri — ovoz yozish va o‘zimni tinglash bo‘lgan. Nutqimni diktofonga yozib olardim, keyin eshitib, xatolarimni topardim. Talaffuz va mazmun yaxshi chiqmaguncha, o‘sha mavzuda takror mashq qilardim. Lug‘atlarni yozib, ularni gaplar orasida ishlatardim.

Ko‘pchilik inglizchani til sifatida emas, IELTS olish vositasidek o‘rganadi. Aslida esa avval tilning o‘zini puxta o‘rganish kerak. Tabiiy tilda fikrlay olmasangiz, maksimal natijaga erishish qiyin”, – deydi u.

Nozima to‘rtinchi urinishda yana 8,5 ball olgan, o‘qish (reading) bo‘limida 8 chiqqani uchun umumiy natija 9 ballga yetmagan. Ustozining maslahatiga ko‘ra, u imtihonning aynan shu qismini qayta topshirgan va yakunda eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan.

Aslida javob bir kundan keyin chiqishi kerak edi. Bizda esa natijalarni olish 21 kunga kechikdi. Har yarim soatda ustozim bilan elektron pochtani tekshirib turardik. 20 kun o‘tdi ham, ammo hech qanday xabar yo‘q. Umidim so‘nib borayotgandi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, rasm bilan bog‘liq texnik muammo tufayli natijalar kechikkan ekan. 21-kuni elektron pochtadan xabar keldi. Ochguncha qo‘llarim qaltirab ketdi. Qarasam — yakuniy natija 9. Ota-onam bilan hammamiz yig‘lab yubordik. Bu men uchun oddiy ball emas, ustozim va ota-onam ishonchini oqlash tuyg‘usi edi”, – deydi Nozima.

Suhbat davomida Nozima imtihonning har bir bo‘limidan yuqori ball olish uchun qanday usullardan foydalangani va nimalarga ko‘proq e’tibor qaratgani, ya’ni shaxsiy layfxaklari haqida gapirib bergan.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Muallif: Diyoraxon Nabijonova
Operator: Abdulloh Hasanov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid