O‘zbekiston | 20:20 / 06.08.2020
52822
2 daqiqa o‘qiladi

Kirish imtihonlari ikki smenada tashkil etiladi. Test stadionlarda o‘tkaziladi

Joriy yilgi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test imtihonlari Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi ochiq stadionlarda o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qilingan.

Ma'lum qilinishicha, test imtihonlari kuniga ikki marta, kunning salqin paytlari tashkil etiladi. Test imtihonlarini taxminan 12-14 kunda yakunlash ko‘zda tutilgan.

Test imtihonlarini o‘tkazish sanasi Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Davlat sanitariya xizmati xulosalari asosida belgilanadi.

Mas'ul vazirlik va idoralarga oliy o‘quv yurtlarining yuqori kurs talabalari yangi o‘quv yilini sentyabrdan masofaviy shaklda boshlashlari uchun tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha topshiriq berilgan.

  • O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari 25 iyuldan 20 avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgandi. Biroq mamlakatda avvaliga 1 avgustgacha, keyin 15 avgustgacha qat'iy karantin joriy etildi. Natijada kirish imtihonlari sanasi noma'lum muddatgacha kechiktirildi. 22 iyulda AOKAda o‘tgan brifingda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov imtihonlar sentabr oyida o‘tkazilishi ham mumkinligini aytgandi.
  • Ro‘yxatga olish 20 iyundan 20 iyulga qadar barcha hududlarda DTMning rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali , respublikaning 8ta tumanida esa Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi. 21 iyul kuni abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlandi. Ro‘yxatdan o‘tgan jami abituriyentlar soni 1 484 085 nafarni tashkil etdi.

Mavzuga oid