O‘zbekiston | 19:15 / 27.08.2021
16759
7 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ikki korxona ishga tushirildi, yana biriga tamal toshi qo‘yildi

Bu loyihalar «Navoiyazot»da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, bu ko‘rsatkichni yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqishi ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatiga tashrif buyurdi. Bu yerda biryo‘la ikkita zavod - azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalarining ochilish marosimi bo‘ldi.

«Kimyo sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida asosiy drayverlardan biriga aylanmoqda. Ilgari bu tarmoq asosan qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarib, bunday mahsulotlarning ulushi sohada qariyb 80 foizni tashkil etardi. Bugungi kunda zamonaviy polimerlar ishlab chiqarilayotgani hisobidan mineral o‘g‘itlar ulushi 10 foizga qisqardi, boshqa sohalar uchun tayyorlanayotgan mahsulotlar hajmi esa 6 marta oshdi.

Keyingi besh yilda «O‘zkimyosanoat» tizimida tovar mahsulotlari hajmi 4 marta oshdi, kimyoviy mahsulotlar eksporti 250 million dollarga yetmoqda.

Bunda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining o‘rni juda katta. Bu yerda mamlakatimiz kimyo sanoati mahsulotlarining qariyb yarmi ishlab chiqariladi, 9 mingga yaqin muhandis, texnolog va mohir ishchilar mehnat qiladi.

Yangi ishga tushirilgan azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalari soha rivojiga qo‘shimcha sur'at beradi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar «Navoiyazot»da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, bu ko‘rsatkichni yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqadi.

O‘zbekistonga birinchi marta olib kelingan, eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zamonaviy majmualar 60 yil avvalgi eski quvvatlar o‘rnini to‘liq egallaydi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Birinchi korxonada yiliga 660 ming tonna ammiak va 578 ming tonna karbamid ishlab chiqarilishi, bunda, bir tonna ammiak ishlab chiqarish uchun energiya sarfi 2,5 marta kamayishi qayd etilgan.

Ikkinchi korxonada esa yiliga 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarilib, elektr energiyasi sarfi 18 marta qisqaradi.

Bu ikki loyiha evaziga ishlab chiqarilayotgan azotli o‘g‘itning tannarxi 30 foizga pasayadi.

«Bu raqamlarning ortida korxonaning minglab mehnatsevar, fidoiy ishchilari, yuqori malakali mutaxassislarning mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli mehnati mujassam», dedi Shavkat Mirziyoyev. Va ularga minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, azot kislotasi hamda ammiak va karbamid korxonalarini ishga tushirdi.

2019 yil 28 dekabr kuni Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi.

Bugun polivinilxlorid korxonasining ikkinchi bosqichi qurilishi boshlandi. 400 million dollar qiymatga ega bo‘lgan ushbu loyiha polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonnadan 220 ming tonnaga, kaustik sodani esa 75 ming tonnadan 165 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi. Shu tariqa elektrotexnika, mebelsozlik, qurilish materiallari sanoati, maishiy kimyo va boshqa sohalarda yiliga talab yuqori bo‘lgan 210 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Uni 2023 yilda ishga tushirish mo‘ljallangan.

Bu korxona orqali «Navoiyazot» va «Elektr kimyo zavodi» negizida yirik, o‘zaro integratsiya qilingan kimyo klasterini tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari ushbu klaster salohiyati, istiqbolini alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Bu klasterda yaqin yillarda umumiy qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 23 ta loyiha amalga oshiriladi. Klaster doirasida 33 turdagi yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xususan, yil yakuniga qadar klaster doirasida kimyo, charm, mebelsozlik va qurilish materiallari sanoati uchun mahsulot ishlab chiqaradigan 2 ta loyiha ishga tushiriladi. Eng muhimi, shu asosda «Navoiyazot»da qo‘shimcha 3 mingtadan ziyod yangi ish o‘rinlari ochiladi», dedi prezident.

Mamlakatdagi iqtisodiy loyihalar o‘zaro oqilona bog‘langan va bir-birini to‘ldiradi. Masalan, 2030 yilgacha 8 ming megavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu yiliga 5 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkonini beradi. Bu gaz esa qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlanadi.

«Biz ilgari asosan paxta bilan gaz sotardik. Hozir chetga sotmayapmiz, o‘zimizda qayta ishlayapmiz. Kerak bo‘lsa, gaz sotib olayapmiz. Nega? Korxonalar ko‘paymoqda, mahsulot ko‘paymoqda», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda kelgusi yillarda 6 ta kimyoviy texnologik klaster tashkil etish rejalashtirilgan. Ulardan birinchisi mazkur «Navoiyazot»dagisi.

Ikkinchi klaster Buxoro viloyatida joylashtiriladi va u yerda tabiiy gazdan polietilentereftalat (PET), polivinilatsetat (PVA), polipropilen hamda boshqa polimerlar ishlab chiqariladi. Ular asosida tayyor mahsulot va buyumlar chiqaradigan o‘nlab zamonaviy korxonalar tashkil topadi.

Uchinchi klaster Qashqadaryo viloyatida Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi va Dehqonobod kaliy zavodi negizida bo‘ladi. Unda yuvish va maishiy kimyo vositalarining asosiy komponentlari, bimodal polietilen va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.

«Farg‘onaazot» negizida bo‘ladigan to‘rtinchi klasterda lok-bo‘yoqlar, mebel uchun melamin, to‘qimachilik sanoati uchun sun'iy tolalar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Beshinchi klaster Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Ustyurt hududida joylashtiriladi. Unda kalsiylangan soda, polivinilxlorid, polietilen va polipropilen ishlab chiqariladi.

Oltinchi klaster Toshkent viloyatida tashkil etiladi. Unda monoammoniyfosfat, oltingugurtli karbamid, boshqa fosforli va azotli mineral o‘g‘itlar, protein, yuvish vositalari tayyorlanadi.

Bu loyihalar natijasida 2026 yilga borib, kimyoviy tovar mahsulotlari hajmi joriy yilga nisbatan 3 marta ortadi va 2030 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 7 foizini tashkil etadi.

Davlat rahbari bu sohadagi ulkan loyihalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta'kidladi.

Shu maqsadda Toshkentdagi Ulug‘bek shaharchasida kimyo sohasida ilmiy va ta'lim klasteri tashkil etiladi. Bu klaster 4 ta oliy ta'lim muassasasi va kimyo bo‘yicha zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazini qamrab oladi.

Prezident polivinilxlorid ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Mavzuga oid